Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tumani sudining ochiq sud majlisida qasddan odam o`ldirish jinoyatini sodir etganlikda ayblangan, 1999 yilda tug`ilgan jinoyatchi oid sud ishi ko`rib chiqildi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri.
Ma`lum qilinishicha, qotillik voqea yuz bergan ko`p qavatli uylarga o`rnatilgan kuzatuv kameralar sabab qisqa muddatda ochilgan. 2022 yilning 26 may kunidan 27 may kuniga o`tar kechasi tungi soat 01:30 Chilonzor tumani, Qatortol-Al-Xorazmiy ko`chasiga borgan yigit, bir qiz bilan 600 000 so`m evaziga ertalabgacha "birga bo`lish"ga kelishgan va xonadonda u bilan jinsiy aloqa qilgan. Yigit qiz bilan gaplashib uni tanib qoladi. Orada bo`lib o`tgan voqealar eslanib ikkalasi torishib qoladi va yigit qizni bo`g`ib o`ldiradi.
Sud zalida aybdor aybiga iqror bo`ldi.
"Onamdan so`kib haqorat qildi. Qizning menga aytgan so`zlaridan qattiq g`azabim kelib, jahlim chiqib ketdi. Keyin uni bo`g`ib o`ldirdim. Jinoyatni yashirish uchun uning yuzini sellofan bilan o`rab, ustidan izolenta bilan o`radim. Qizni kondisioner qutisiga unga tegishli bo`lgan narsa-buyumlar bilan birga joylashtirdim. Qutini ustidan skotch bilan o`rab, taksi chaqirdim. Qutini uyning pod`ezdidan o`zim sudrab chiqdim. Murdani "Bo`zsuv" kanalining qirg`og`iga olib borib, taksi ketib bo`lganligiga ishonch hosil qilgach, murda joylashtirilgan qutini kanal qirg`og`iga tashlab yubordim", - deydi.
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasida jabrlanuvchining o`limi "yuqori nafas yo`llarining yumshoq jism bilan berkilishi va bo`yin a`zolarining siqilishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiyadan" yuz berganligi ko`rsatilgan.
Sud ishida prokuror sudlanuvchini jinoyat kodeksining 97-moddasi 2 qismi "V" bandi bilan aybdor deb topishni va 15 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so`radi.
Ish atroflicha ko`rib chiqilib, sud hukmi o`qildi. Unga ko`ra, sudlaniuvchi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartib koloniyalarida o`tash belgilandi. Jazoni o`tish muddati 2022 yil 2 iyundan boshlab hisoblanadi.