Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar qizning behayo harakatlari aks etgan video tarqalib ko`plab muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan Yu.B. hamda A.K.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarilk to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tumani sudiga taqdim etilgandi.
Bugun, 27 oktyabr kuni mazkur sudda ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan huquqbuzar deb topilgan Yu. B. (1993 yilda tug`ilgan, yolg`iz ona, bir nafar voyaga etmagan farzandi bor) va A. K. (1985 yilda tug`ilgan, yolg`iz ona, bir nafar voyaga etmagan farzandi bor) ga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi.
Ish hujjatlariga ko`ra, huquqbuzar ayollar hech qaerda ishlamay moddellik agentligining buyurtmasiga ko`ra, reklamada bir martalik daromad topish maqsadida 15, 16 oktyabr kunlari Toshkent shahri Bektemir tumani “Food city” bozorida o`tkazilayotgan “Drift show” ko`rgazmasida ishtirok etib, “Mountain dew” ichimligini reklama qilish vaqtida, jamiyatda o`rnatilgan qonun qoidalarni qasddan mensimasdan, ayol jinsiga mansub bo`la turib, xalq orasida bir birlari bilan o`pishgan.
Sudning qaroriga ko`ra, ular Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Oybek Shukurov Darakchi.uz' uchun maxsus.