AsosiyJamiyat

Xonanda Mirodil Hakimov "Uylanamiz" qo`shig`i uchun 140 mln so`m jarima to`laydigan bo`ldi

'Xonanda Mirodil Hakimov "Uylanamiz" qo`shig`i uchun 140 mln so`m jarima to`laydigan bo`ldi'ning rasmi

Avvalroq, Farg`onalik shoir Erkin Yo`ldosh xonanda Mirodil Hakimovdan «Uylanamiz» nomli qo`shig`iga mualliflik huquqini talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Shundan so`ng xonanda she`rni muallif bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan huquq egasining ruxsatisiz omma e`tiboriga havola qilgani uchun jarimaga tortilgani ham ma`lum qilingandi.

Joriy sentyabr oyida Fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon tumanlararo sudiga «Uylanamiz» qo`shig`ining she`r muallifidan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo`yish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo arizasi kelib tushgan. Bu haqda Andijon viloyati adliya boshqarmasi xabar bermoqda.

Mazkur da`vo arizasi bo`yicha fuqarolik ishi qo`zg`atilib, sud majlisi 2022 yil 7 oktyabrga tayinlangan. 7 oktyabr kuni sud majlisiga da`vogarning ishonchli vakili kelgan, javobgar kelmagani sababli sud majlisi 12 oktyabrga qoldirilgan. 12 oktyabr kuni sud majlisiga taraflar kelgan va ulardan ko`rsatmalar olingan. Javobgar ularga nizoni tinch yo`l bilan hal qilish uchun muddat berishni so`ragan va da`vogar tomoni norozi bo`lmagani sababli sud majlisi 19 oktyabrga qoldirilgan. Biroq javobgar belgilangan kunida sud majlisiga kelmaganligi sababli sud fuqarolik ishini Fuqarolik prosessual Kodeksining 220-moddasiga ko`ra, javobgarning ishtirokisiz ko`rib chiqishni lozim topgan.

Sudning hal qiluv qarori bilan da`vo ariza qisman qanoatlantirilib, Mirodil Hakimovdan da`vogar Erkin Doripovga 50 million so`m ma`naviy zarar uchun kompensasiya, bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobar miqdorida (90 million so`m) etkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan. Bundan tashqari javobgarning zimmasiga “Uylanamiz” she`ridan muallifning roziligisiz foydalanmaslik majburiyati yuklatilgan.

Eslatib o`tamiz, hal qiluv qaroridan norozi taraflar mazkur hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran bir oy muddat ichida Andijon viloyat sudiga apellyasiya tartibida shikoyat keltirishga haqli. 

Qayd etish lozim, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi qonunga ko`ra asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o`ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko`rsatilishiga biron-bir o`zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo`l qo`yilishi belgilangan.

Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga ko`ra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob`ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni qo`pol ravishda buzish hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar