16 noyabr kuni "Ko`ksaroy" qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi hamda EI va Markaziy Osiyo o`rtasidagi o`zaro bog`liqlik bo`yicha Samarqand konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o`tkazdi.
ETTB bilan samarali hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oxirgi olti yilda O`zbekistonning ushbu nufuzli moliyaviy instituti bilan aloqalari misli ko`rilmagan darajaga ko`tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bank ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda O`zbekistonning asosiy hamkorlaridan biridir.
Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sog`liqni saqlash, ta`lim, uy-joy kommunal xo`jalik sohalarida DXSh loyihalarini amalga oshirish, «yashil» taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash kabi ustuvor yo`nalishlarda o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Odil Reno-Basso yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi hamda sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yig`ilishini o`tkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimizning ETTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat «yo`l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.