1

​Og`riq qoldiruvchi dorilarning zarari haqida xabardormisiz?

Jamiyat 27.11.2022, 15:23
​Og`riq qoldiruvchi dorilarning zarari haqida xabardormisiz?

Hayotida bir marta bo`lsa ham tish yoki bosh og`rig`idan aziyat chekmagan inson bo`lmasa kerak. Albatta, bunday paytda ko`pchilik og`riq qoldiruvchi dorilarga murojaat qiladi. Biroq ularning qo`llashda me`yorni bilish muhim.
SSV bundan ogohlantirmoqda.

"Bugun dorixonalarda sotilayotgan farmasevtik mahsulotlar orasida og`riq qoldiruvchi preparatlarga talab yuqori", — deydi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig`i Muhabbat Ibragimova.

Yy— Ayniqsa, analgin, sitramon va trimolning bozori chaqqon.

Chunki og`riqdan aziyat chekuvchi ko`pchilik bemorlar ushbu tabletkalarni muntazam qabul qilishga odatlangan. Ammo ularni palapartish yoki uzoq muddat qo`llash turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim.

Bilamizki, organizmda maxsus sezgi reseptor va nosiseptorlar bo`lib, ular og`riq impulslarini markazga yo`naltiradi. Bunga javoban tana endorfin va enkefalinlarni ishlab chiqaradi. Ular og`riqni ma`lum darajada pasaytiradi. Biroq og`riq zo`rayganda deyarli foyda bermaydi. Bunday hollarda o`z-o`zidan og`riq qoldiruvchi vositalarni qo`llash zarurati tug`iladi.

Ushbu dorilarning kimyoviy tarkibi, tuzilishi va ta`sir mexanizmiga qarab, narkotik va nonarkotik analgetiklar guruhiga bo`linadi. Birinchi guruhga morfin va uning sintetik hosilalari (promedol, omnopon, fentanil va boshqalar) kiradi. Ular stasionar sharoitda kuchli og`riqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarkti ro`y berganda hamda jarrohlik aralashuvidan keyin qo`llaniladi.

Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha bo`lgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, asetilsalisil kislotasi, parasetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil preparatlarning yuqoridagilardan farqi — ta`siri kuchsizroq bo`lib, asosan, nevralgiya, mialgiya, tish, bosh va bo`g`im og`riqlarida ishlatiladi.

Mazkur dorilar og`riq qoldirish bilan bir qatorda isitmani tushirishga ham yordam beradi. Shu bilan birga, nonarkotik analgetiklarning yallig`lanishga qarshi ta`siri ham bor.  

Qolaversa, nosteroid yallig`lanishga qarshi preparatlar (NYaQP) guruhiga mansub dorilar (diklofenak, ibuprofen, naproksen, indometasin, ketoprofen, ketorolak va boshqalar) ham o`rtacha og`riqlarni bartaraf etadi. Ularning ta`sir mexanizmi asosan og`riq va yallig`lanish mediatorlarining ishlab chiqarilishiga to`sqinlik qilishga asoslangan.

Aytish kerakki, narkotik analgetiklarning og`riq qoldirish xususiyati bilan birga, zararli ta`siri ham yo`q emas. Bunday dori vositalari uzoq muddat qo`llanganda insonda ko`nikish, ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi. 

Nonarkotik analgetiklardan ko`p miqdorda foydalanish me`da yarasi, o`ta yuqori sezuvchanlik, ovqat hazm qilish va ko`rish muammolari, tromb hamda turli allergiyalarni paydo qilishi mumkin. Shuningdek, bu holat immun tizimi buzilishi, yurak-qon tomir va nafas olish kasalliklari, jigar hamda o`t chiqarish, buyrak va peshob yo`li xastaliklariga ham sabab bo`lishi isbotlangan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, og`riq qoldiruvchi dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasiga binoan va uning kuzatuvi ostida qabul qilish maqsadga muvofiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1