Rossiyaning Tula viloyatida mast tanishining qulog`ini kesib tashlagan O`zbekiston fuqarosi qo`lga olindi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 7 dekabr kuni o`zbekistonlik erkak notanish xonadonda tanishlari bilan spirtli ichimlik ichgan. Shaxsiy kelishmovchilik tufayli u 55 yoshli hamrohini kaltaklagan. Jabrlanuvchi polga yiqilgach, uning chap qulog`ini kesib tashlagan.
Oqibatda jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo`lgan. Uning jasadi ayblanuvchi va xonadon egasi tomonidan podezd kiraverishidagi zinapoyaga olib tushib qo`yilgan. Qotillik sodir etgan erkak qasddan badanga og`ir shikast etkazish, ehtiyotsizlik oqibatida jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lishda ayblanmoqda.
Xonadon egasiga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Tergov prokuratura nazoratiga olingan.






