Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`onadagi maktablardan birida kuchli portlash sodir bo`lganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma`lum qilishicha, joriy yilning 6 dekabr kuni soat 11:30 da Farg`ona shahridagi 41-sonli maktab va 63- sonli bog`chaning umumiy isitish qozonxonasida yorilish sodir bo`lgan.
Dastlabki o`rganish natijalariga ko`ra, isitish qozonxonasida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida qozonda ichki bosim ortib ketgan va yorilish sodir bo`lgan. Oqibatda qozonxona binosi engil shikastlangan, ammo voqea natijasida yong`in qayd etilmagan.
Vaziyat natijasida tan jarohati olganlar yoki vafot etganlar yo`q.
Ayni vaqtda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan voqea sabablari va zarar miqdori o`rganilmoqda.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea haqida guvohlardan oshkor qilmaslik to`g`risida tilxat olingani haqidagi tarqalgan xabarlarni rad etdi.






