Toshkentda ikki nafar ayol o`g`rilikda ayblanib qo`lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Shayxantohur tumani IIO FMBga 41 yoshli Feruza N. uyidan pul va zargarlik buyumlari yo`qolganligi haqida ariza bilan murojaat qilgan. Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilingan, 32 yoshli Maxbuba A. va 34 yoshli Matluba K. aniqlanib, qo`lga olindilar. Ular uy egalarining yo`qligidan foydalanib, uy xonalaridan birining eshigini kalit tanlash yo`li bilan ochib, ichida 7.000 AQSh dollari va jami 90.000 AQSh dollarlik tilla taqinchoqlari bo`lgan seyfni o`g`irlab ketishganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O`g`rilik”) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov davom etmoqda.
"Hurmatli fuqarolar! Uzoq vaqt mobaynida uyda bo`lmagan paytingizda pul va qimmatbaho buyumlaringizni bankda saqlashni yoki uyingizni Qo`riqlash xizmatiga topshirishni tavsiya qilamiz", - deyiladi xabarda.






