Imtiyozli kredit mablag`larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Ma`lum qilinishicha, Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag`larining talon-toroj qilinishi bo`yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o`z vaqtida qonuniy choralar ko`rilmoqda.
Xususan, Departamentning Toshloq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.S.” xususiy korxonasi rahbari O.Z. va boshqalar 29.06.2019 yildagi kredit shartnomasiga asosan baxmal ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ajratilgan 1,8 mlrd so`m kredit mablag`ini boshqa maqsadlarda sarflab talon-toroj qilganligi, shuningdek hududiy tijorat banki filiali mas`ul shaxslari korxonaning 1,7 mlrd so`mga baholanib garovga qo`yilgan ishlab chiqarish bino-inshootini taqiqdan chiqarib yuborganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Payariq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, hududiy tijorat bankining Chelak filiali boshqaruvchisi o`rinbosari lavozimida ishlagan A.X. va uning qarindoshi G`.J. 2018-2022 yillarda 7 nafar fuqaroga imtiyozli shartlar asosida ajratilgan 166 mln so`m kredit mablag`ini o`zlarining ta`sischiligida tashkil etilgan 4 ta korxonaga o`tkazish orqali talon-toroj qilganligi, shuningdek A.X. “M.A.” MChJga parrandachilik yo`nalishida ajratilgan 200 mln so`m imtiyozli kreditni “A.F.” MChJ o`tkazib o`zlashtirganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, G`.J. “S.A.” fermer xo`jaligiga kartoshka urug`i va mineral o`g`itlar sotib olish uchun ajratilgan 180 mln so`m imtiyozli kredit mablag`ini “A.F.” MChJga o`tkazib talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Mirishkor tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.S.” va “B.Z.” MChJlar rahbari H.S. hududiy tijorat banki filiali mas`ul shaxslari bilan o`zaro til biriktirib MChJga issiqxona qurish uchun ajratilgan 220 mln so`m kredit mablag`ini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






