Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 30 dekabr kuni ma`muriy islohotlarni amalga oshirish, Hukumat tarkibi va ish tizimini o`zgartirish masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha 2023 yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda Prezient matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilish avvalida ma`muriy islohotlardan kelib chiqib, Prezident farmon va qarorlariga muvofiq, lavozimlarga yangi tayinlangan Bosh vazir o`rinbosarlari va vazirlar e`lon qilindi. Ular mutasaddi bo`lgan sohalardagi dolzarb masalalar, xalqimiz oldidagi mas`uliyat va javobgarligi ko`rsatib o`tildi.
Yil murakkab bo`lganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 5 foizdan yuqori sur`atda oshgan. Eksport hajmi 14 foiz o`sib, 19 milliard dollarni tashkil etgan. Iqtisodiyotga 8 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar kirib kelgan.
Ijtimoiy sohada aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor bo`lib qolmoqda. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste`mol xarajatlaridan kam bo`lmagan darajaga chiqdi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga katta mablag`lar yo`naltirildi. 2 milliondan ortiq kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy yordam berilmoqda. Hududlarda ta`lim va tibbiyot maskanlari, ichimlik suvi tarmoqlari, yo`llar qurilmoqda.
Yig`ilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror o`sishini ta`minlash bo`yicha vazifalar muhokama qilindi. Xususan, sanoatda 5 foizdan, qishloq xo`jaligida 3 foizdan va xizmatlar sohasida 14 foizdan ziyod o`sishga erishish maqsadi belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini o`rganib, ularning “o`sish nuqtalari”ni ishga solish vazifalari qo`yildi. Iqtisodiyotni faqat investisiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini 23 milliard dollardan oshirish zarurligi ta`kidlandi. Umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.
Transport sohasida yo`lovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yo`llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yo`llarda servisni ko`paytirish choralari belgilandi.
Shuningdek, ta`lim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Sog`liqni saqlash va farmasevtikada korrupsiyani yo`q qilish, davlat qaramog`iga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi ta`kidlandi.
– Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda o`zgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi bo`lib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, – dedi Prezident.
Tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishda joriy yilda yo`l qo`yilgan kamchiliklar ko`rsatib o`tilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.