Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Yo.M., ariza bilan murojaat qilgan. Uning o`g`li Rossiya Federasiyasiga mavsumiy ishchi bo`lib ketmoqchi ekanligi, ammo telegram messenjerida noma`lum shaxs unga onlayn aviachipta olib berishiga ishontirganini aytgan va 3.500.000 so`m pullarini bank kartasiga o`tkazib olganidan so`ng noma`lum tarzda g`oyib bo`lganligini bildirgan. Ushbu pullarni qaytarib olishda va noma`lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik mareazi ma`lum qilmoqda.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, firibgarlik yo`li bilan pullarni o`zlashtirgan shaxs Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi 1997 y.t., Sh.A. ekanligi aniqlangan.
Sh.A. turli ijtimoiy tarmoqlarda onlayn aviachipta sarlavhasi ostida soxta e`lonlar joylashtirib, firibgarlik yo`li bilan fuqarolarning pullarini o`zlashtirganligi ma`lum bo`ldi.
Sh.A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Hurmatli fuqarolar turli xildagi ishonchsiz manbalardan kelgan yolg`on takliflarga aldanib qolmang, ehtiyot bo`ling, firibgarlar tuzog`iga tushib qolmang" deyiladi xabarda.






