#30 yanvar_O`zbekistonning_Birinchi_Prezidenti_Islom_Karimov_tug`ilgan_kun
Bugun, 30 yanvar — O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tug`ilgan kun. Islom Abdug`anievich Karimov 1938 yil Samarqand shahrida tavallud topgan va 2016 yil 2 sentyabr kuni og`ir xastalikdan so`ng 78 yoshida vafot etdi. Birinchi Prezident mamlakatni chorak asr boshqargan, dunyoda kuchli siyosatchi sifatida tanilgan va O`zbekiston mustaqilligi asoschisi sifatida tarixda abadiy qoladi. "darakchi.uz" Birinchi Prezident tavallud kuni munosabati bilan uning yaqinlari, hamkasblari va u bilan yaqin muloqotda bo`lgan insonlarning Islom Karimov haqidagi xotiralarini jamladi.
Tatyana Karimova, Islom Karimovning rafiqasi:
— Islom Abdug`anievich qattiqqo`l, ayni chog`da nihoyatda adolatli inson edi. Uning hayot tarzini asketik deb baholasa bo`ladi. U ovqatlanishda ham ma`lum me`yorga rioya etardi. U sport bilan yoshligidan shug`ullanar edi. Umrining so`nggi kunlarigacha suzish va tennis bilan shug`ullanib keldi.
Birinchi Prezidentimiz deyarli ta`tilsiz ishlar edi. Faqat ba`zan-ba`zan o`zimizning Qaynarsoyda bir-ikki kun dam olardik. Yurtimiz tabiatini u kishi nihoyatda yaxshi ko`rar, tabiatimizdan go`zalroq maskan yo`q deb hisoblar edi. Shifokorlarga murojaat qilishni hush ko`rmas edi. U kishini biror bir tibbiy tekshiruvdan o`tishga undash men uchun chinakam bir muammo edi. Uning butun fikru xayoli hamisha ishda edi.
Sovg`a qilishni juda yaxshi ko`rar edi. Agarda uyimizga kelgan mehmon biror bir suvenirni ko`rib, “chiroyli ekan” desa, xursand bo`lib darrov hadya qilib yuboraverar edi. Islom Abdug`anievich guldasta sovg`a qilishni juda xush ko`rar edi. Dala hovlimizda sayr qilar ekanmiz, albatta, gul terib menga in`om etar edi. Bu xotiralar qalbimdan chuqur joy olgan...
Xillari Klinton, AQSh Prezidenti Bill Klintonning rafiqasi (1997 yil noyabr):
— 1997 yil noyabr oyida O`zbekistonga qilgan tashrifim chog`ida ko`hna Samarqand shahrini ziyorat qilish baxtiga muyassar bo`ldim. Samolyotdan meni Prezident Islom Karimov kutib olganidan va o`zi tug`ilib o`sgan shahar bilan shaxsan tanishtirmoqchi ekanidan xursand bo`ldim.
Registon maydonida milliy raqs ijro etgan yoshlar bilan Prezident ularning hayoti, kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashganini ko`rish men uchun juda qiziqarli bo`ldi.
Samarqandliklar bilan suhbatda Prezident Karimov bu ko`hna shaharda asrlar davomida turli din vakillari – musulmonlar, xristianlar, yahudiylar va boshqalar diniy va milliy urf-odatlarini saqlab yakdillikda yashab kelganliklarini gapirdi.
Turli din va etnik guruhlarning tinch-totuv istiqomat qilib kelishining ko`p asrlik tajribasi butun dunyoda o`rganilishi va tatbiq etilishi kerak deb o`ylayman.
Yuriy Belenko, Islom Karimovning sinfdoshi:
— Biz barcha bolalar singari sho`x edik, gohida darslardan qochib, ko`chalarda o`ynab yurardik. Lekin Islom boshqacha, bosiq va intizomli bola edi. Sakkizinchi sinfga o`tganimizda uning ulg`ayib qolgani ayniqsa bilindi. Biz Islomni "sinfkom" etib tayinladik, u darhol sinfimiz intizomi va ta`lim ko`rsatkichlaridan javobgarlikni o`z zimmasiga oldi, sinfimiz maktab tadbirlarida faol ishtirok etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. U sinfimizda hatto tarbiyaviy soatlar ham o`tkazardi, bizni yaxshi o`qishga, to`g`ri maqsad tanlashga, sinfimiz sha`nini himoya qilishga da`vat etardi.
Islomning aniq va mantiqiy so`zlashishi, ozoda kiyinishiga ko`plar qoyil qolardi. Uni har doim diqqat bilan tinglashardi. Islomning jasurligi va unga har doim suyanish mumkinligi uni boshqalardan ajratib turardi. Unga sirlarni, birovga sotib qo`yishidan qo`rqmay, bemalol aytsa bo`lardi. Uylaymanki, Islom Karimovning bu fazilatlari, birinchidan, oilasidagi tarbiya, oiladagi birdamlikdan shakllangan, ikkinchidan, uning olijanob fe`l-atvori va chin do`st bo`la olishidandir (bu esa eng mushkuli).
Vladimir Putin, Rossiya Prezidenti:
— Islom Abdug`anievich obro`li davlat arbobi, o`z mamlakatining haqiqiy rahbari edi. Zamonaviy o`zbek davlati tarixidagi eng muhim bosqichlar uning nomi bilan bog`liq. Islom Karimov rahnamoligida O`zbekiston tinchliksevar tashqi siyosat olib bordi va Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, mintaqada ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yordam berdi. Islom Abdug`anievich O`zbekistonning mustaqil davlat sifatida rivojlanishi uchun ko`p ishlar qildi. Menimcha, ushbu hissaning ko`lami faqat amalga oshmoqda. O`zbekistonning yangi tarixining turli tomonlarini turlicha baholash mumkin. Eng muhimi, davlat rahbari mamlakatda barqarorlikni saqlab qoldi va rivojlanishda davom etdi.
Anvar Qori Tursunov, Toshkent shahri bosh imom-xatibi (marhum):
— 1992 yilda dinimizning ulug` Kitobi – Qur`oni Karimning ma`nolari tarjimasining ilk bor o`zbek tilida nashr etilishida rahmatli Yurtboshimizning alohida xizmati bor. Muqaddas dinimizning sofligini asrash, ulug` allomalarimizning mustabid tuzumda unutilgan, yo`q qilingan boy ilmiy-ma`naviy merosining tiklanishi, tadqiq etilishi, ularning xoki poyi yotgan joylarning ziyoratgohlarga aylantirilishi, masjid va madrasalarimizning obod bo`lib, ilmu irfon taratishi shubhasiz Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog`liqdir. U kishining g`oya va amaliy takliflari asosida bunyod etilgan Toshkent shahridagi muhtasham «Minor» jome` masjidi xalqimizga ulug` tuhfalardan biri bo`ldi. Bu muazzam imorat hadisi sharifda aytilgandek, inson vafotidan keyin ham savobi to`xtovsiz etib borguvchi sadaqai joriya sanaladi. Yodimda, u kishi masjidning ilk qurilish davridan alohida ahamiyat qaratib, jarayonni doimo kuzatib, nazorat qilib borar, ustalarga zarur tavsiya va ko`rsatmalar berar edilar.
Donald S.Karlaĭl, amerikalik professor, tarixiĭ va siësiĭ fanlar doktori:
— Men Cherchillni hurmat qilaman, lekin Karimovni mashhur g`arb siësatchilari bilan solishtirganda, men uni kŭproq Ruzvelga ŭxshatgan bŭlar edim.
Eduard Shevardnadze, Gruziya Prezidenti:
— Uning oqil va donoligi shundan ma`lum ediki, u Sovet Ittifoqining parchalanib ketish jarayonini oldindan bilgan. Va barcha sodir bo`lajak voqealar rivojining taxminiy variantlarini ko`z oldiga keltirib, bunga hozirlik ko`rdi, tayyorgarlik ko`rdi. Va O`zbekiston buning natijasida mustaqillikni qo`lga kiritdi. U allaqachon Prezident bo`lishga tayyor edi.
Haydar Aliev, Ozarbayjon Respublikasi Birinchi Prezidenti:
— Islom Karimov hali Sovet ittifoqi davrida adolatsizlikka qarshi chiqa olib, o`z jasoratini namoyon etgan inson. Bu jasorat oldida hamma ortga chekindi.
Farxod Qurbonboev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, fotorassom:
— Men omadliman. O`ttiz yil davomida buyuk insonning yonida bo`ldim. Rostini aytsam, men shunday hayot va ijod maktabidan o`tdimki, hech bir universitetda bunday imkoniyat yo`q. Ijodimda erishgan barcha yutuqlarim uchun taqdirimdan minnatdorman. Bularning barchasini Mustaqil yurtimizning Birinchi Prezidenti maktabida erishdim va o`rgandim.
Sevara Tursunova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, jurnalist:
— 16 yildan ortiq davlat rahbarining yonida Prezident pullida ishladim. Odamlar menga siz Prezidentga yaqinsiz, siz uni juda yaxshi bilasiz, deyishadi. Yo`q, ular adashishadi. U inson hammaga birdek qarardi, birdek hurmat qilardi. Ayniqsa, jurnalistlarga hurmati juda baland bo`lgan. Bilasizmi, men kabi jurnalistlar pullda juda ko`p edi. Lekin davlat rahbariga qo`rqmay fikrimni bildirishim ularga ko`proq ma`qul kelardi, menimcha. Sir emas, bizga biror tadbirdan avval berilishi mumkin bo`lgan savollar tayyorlanardi. Biroq men hech qachon tayyorlangan savolni bergan emasman. Eslasam, qo`rqmagan ekanman. Savolimni eshitib shunaqa ruhlanib ketardi marhum prezidentimiz. Hatto boshqa tadbirlarda muhokamali vaziyatlar bo`lib qolsa, “Qani, Sevara nima deydi?” deb menga yuzlanardi. Balki shu sabab odamlar ko`ziga davlat rahbariga juda yaqindek ko`rinib qolgan bo`lsam kerak. Juda samimiy, tanti inson edilar.
Nursulton Nazarboev, Qozog`istonning Birinchi Prezidenti:
— Aytish noqulay, u endi bu yorug` dunyoda yo`q, mening eski do`stim Islom Karimov, mana, uning har doim o`z qarashi bo`lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan. Hamma narsaga nisbatan o`z fikrini aytgan. Lekin shunday holatlar ham bo`lganki, bir safar menga qo`ng`iroq qilib, dedi: „Oldingga bormoqchiman“. Men: „Eshit, kun tartibini tayyorlash kerak, nima haqda gaplashamiz, tayyorgarlik ko`rish kerak“, — dedim. „Hech qanday kun tartibi yo`q, shunchaki, sen bilan ko`rishishim kerak, bo`ldi“, — dedi. U bilan uchrashdim. Umuman, qalbi juda yumshoq va yaxshi inson edi, biroq shunday fe`lli. U keldi, kechqurun o`tirdik, kunduzi suhbatlashdik, masalalarni muhokama qildik.
Jozef Presel, 1997—2000 yillarda AQShning O`zbekistondagi elchisi:
— 1997 yil oktyabr oyida Toshkentga kelganman. Garchi bungacha Islom Karimov bilan ikki yo uch marta ko`rishgan bo`lsam-da, uni deyarli bilmasdim. Men u bilan o`rtacha ikki oy yo shu atrofda bir marta uchrashishim kerak edi. O`zi uchun qulayroq bo`la boshlagach, u meni Komilovsiz qabul qilishga o`tdi va keyinchalik hatto burchakda turgan tansoqchisini ham chiqarib yuboradigan bo`ldi. Men esa til bilganim uchun odatda uning huzuriga bir o`zim borardim. O`rtamizda yaqin shaxsiy aloqalar hech qachon bo`lmagan. O`zbek protokoli bunga yo`l qo`ymasdi va uning o`zi ham oddiy odam emasdi. Muloqot bo`yicha so`rovlarim doim konkret ish yuzasidan bo`lardi. Hech qachon yaqindan 100 gramm aroqni qittay-qittay qilib, masalan, AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi yanada kengroq munosabatlarni va ularni yaxshilash usullarini muhokama qilmaganmiz. Uning qarorgohiga otamlashish uchun shunchaki kira olmasligimni bilganimdan so`ng, unga etib borishning boshqa usullarini ham sinab ko`rishga kirishdim. Elchixona oldiga Karimovning jo`ralari bilan aloqa o`rnatish vazifasini qo`ydim. U kim bilan ichadi, kim bilan ovga chiqadi, kim bilan qarta yoki tennis o`ynaydi? Ma`shuqasi kim? Sinfdoshlari-chi? Va hokazo. Barcha urinishlarim zoe ketdi. Chunki u asosan ishlardi. Boshqa tomondan oradan vaqt o`tib prezidentning oldiga kirish nafaqat men, balki o`zbek amaldorlarining o`zlari uchun ham muammo ekanligi ma`lum bo`ldi. Karimov iliq va yoqimli shaxs bo`lmasa ham, unda ba`zan yumor hissi namoyon bo`lib turar edi.
Jahongir Abirov, Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig`i:
— 1990 yili may oyi o`rtalari edi. Rustam Inoyatov menga qo`ng`iroq qildi va endi Surxondaryoga ishga ketasan, dedi. Borishdan oldin Prezident bilan ko`rishishim kerak edi. Ikki kundan keyin rahbarimiz telefon qildi. Georgiy Kraynov meni Islom Abdug`anievichning oldiga olib kirdi. U esa o`z jamoamizni shakllantirishimizni aytishdi. Men "Surxondaryoga kim bilan borarkanman”, deb o`ylab tursam, aslida Prezident qo`riqlash xizmatini boshqarish topshirilgan ekan. Umuman kutilmaganda sodir bo`lgan bu tayinlov. Uni qachondan beri bilsam, u hech qachon ta`tilga chiqmagan. Ishga erta kelib, kech soat 10 da uyga qaytardi. Xalq bilan ko`rishganda ko`proq himoyalamoqchi bo`lardik, shunda u haddan ziyod tartib saqlayapsan, derdi. Men "Islom Abdug`anievich, sizni xalq yaxshi ko`radi, xudo ko`rsatmasin, biror gap bo`lsa, mening ishim chatoq bo`ladi. Harbiy prokuror olib borib qamaydi. Men o`z vazifamni bajaryapman. Topshiriq – topshiriq, men sizga sodiqman. Boshingizdan bir tola sochingiz to`kilishini ham xohlamayman", derdim.
Yodgor Sa`diev, O`zbekiston Xalq artisti:
— Ollohimning bu yurtga nazari tushmagania bundan 30 yil ilgari bizga Islom Karimovni bermasdi. Mana shu ham Ollohimning shu yurtga nazari tushganidan dalolat berib turibdi. 1989 yil 5 noyabrdagi Hamza davlat mukofotini taqdirlash marosimi edi. Mukofotni Islom Karimovning shaxsan o`zlari topshirib turib aytdilarki, — Yodgorbek bu birinchisi ekan a? — dedilar. — Ha, Islom Abdug`anievich, birinchisi desam, sekin kulib, qulog`imga menam birinchi marta topshiryapman, -dedilar. Bu inson oddiy, sodda hamda juda ham iymonli inson edi. Har bir gaplari, har bir chiqishlarida iymonni eslatib o`tardi. Sababi bu yurtda iymonli insonlar yashashligini har safar ta`kidlab o`tardilar. Men deyarli barcha mukofotlarimni Islom Karimovning shaxsan o`z qo`llaridan olganman, bu men uchun judayam faxrli.
Abdujalol Taypatov, jurnalist:
— Islom Abdug`anievich jurnalistlarga nisbatan e`tiborli edi. Keyinroq u kishi respublikaga birinchi rahbar bo`lib ketgach, O`zAning viloyatdagi muxbiri sifatida ko`p bor Qashqadaryoga qilgan safarlarida hamroh bo`lganman, o`tkazgan yig`ilishlarida ishtirok etganman. Toshkentga qaytar ekan, aeroportda, albatta, jurnalistlar bilan birma-bir qo`l berib ko`rishar va safar haqidagi fikrini, savollari bo`lsa, berishini so`rardi. Jurnalistlar bilan ko`proq gaplashishga intilardi.
U kishining Qashqadaryoga mehri bo`lakcha edi. Bu vohani ikkinchi ona yurtim, deb atardi. Va bir gapni ko`p bora takror-takror aytganini eshitganman: "Mening Toshkentda kabinetlarda o`tgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi" derdi.
Abduhoshim Ismoilov, O`zbekiston xalq artisti:
— Nukusda O`zbekiston, Qirg`iziston, Qozog`iston va Tojikiston rahbaplari Orol muammosi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Tushlik vaqtida kuy chalishimiz kerak edi. Bir guruh sozandalar davlat rahbarlari oldiga kirdik. Islom Abdug`anievich "Qaysi kuyni chalasizlar?" deb so`radilar mendan. "O`zbek, tojik, qirg`iz va qozoq kuylarini popurri kilganmiz", deb javob berdim. "Har doim o`zbek kuyidan boshlang, xo`pmi?" deb nimtabacsum qildilar. O`sha go`zal tabacsumlari hali-hali esimda. Kuy chalib bo`lganimizdan keyin Qirg`iziston Prezidentiga meni ko`rsatib "Bu yigitni taniycizmi, icmi nima?" deb so`radilar. U kishi "Taniyman-u, icmi esimda yo`q", dedi. Shunda Islom Abdug`anievich "Siz Akaevsiz, bu – Ukaev", deb hammani kuldirdilar. Birinchi Prezidentimiz ana shunday hozirjavob, zukko va kezi kelganda hazilga usta inson edi.
Ma`lumot uchun: Prezident vafotidan so`ng uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2017 yil 31 avgust kuni Toshkent shahrida sobiq Oqsaroy qarorgohi oldida uning birinchi haykali tantanali ochilgan. Shuningdek, birinchi prezident haykallari Samarqandda (2017 yil 2 sentyabr), Qarshida (2018 yil 30 yanvar) hamda Moskvada (2018 yil 18 oktyabr) ochilgan. Bundan tashqari, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent xalqaro aeroportiga, Farg`onadagi san`at saroyi, Asakadagi avtomobil zavodiga hamda bir qator ko`chalarga Islom Karimov nomi berilgan.