Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari Andijondagi zapravkada erkakning qo`liga kishan taqmoqchi bo`lgani aks etgan video tarqaldi.
Holat haqida Viloyat IIB matbuot xizmati izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, holat 25 yanvar kuni soat 17:30 larda Izboskan tumanidagi avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchasida yuz bergan. IIB xodimlari ushbu shoxobchada jamoat tartibini saqlab turgan vaqtida, fuqaro O.O benzin yonilg`isini navbatsiz olish maqsadida kirib borib, navbatda turganlarning haqli e`tiroziga sabab bo`lgan va fuqarolar o`rtasida norozilik keltirib chiqargan.
IIB xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, u xizmat olib borayotgan xodimlarga qasddan bo`ysunmasdan, faol qarshilik ko`rsatib, jamoat tartibini buzgan.
Xodimlar “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonunning 22-moddasiga asosan ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko`rsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatgan. Fuqaroga hech qanday tan jarohati etkazilmagan.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu fuqaro O.O avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchasiga muntazam ravishda navbatsiz kirmoqchi bo`lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan boshqa navbatda turganlarning ham haqli e`tiroziga sabab bo`lib kelgan.
Mazkur holat bo`yicha fuqaro O.O.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to`plangan hujjatlar qonuniy ko`rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.






