2023 yil 2-5 fevral kunlari A-373 "Toshkent-O`sh" avtoyo`lining "Qamchiq" dovoni hududida va M-39 "Toshkent-Shahrisabz-Termiz" avtoyo`lining "Taxtaqoracha" (Kitob) dovonidan o`tgan qismida qor yog`ishi, vaqti–vaqti bilan kuchli yog`ingarchilik, tuman kuzatilishi, ko`rinuvchanlik 50 m. gacha pasayishi, shamol tezligi 15–20 m/s gacha kuchayishi, avtoyo`lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda "O`zgidromet" xabar bermoqda.

Shuningdek, joriy yil 2-6 fevral kunlari kutilayotgan yog`ingarchilik hamda havo haroratining sezilarli o`zgarishlari sababli respublikaning tog`li hududlarida, jumladan:
- Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Qumqo`rg`on, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Bo`stonliq tumanlarida va Chotqol tizmasining "Chimyon" tog`larida;
- Namangan viloyati: Pop tumanida;
- Farg`ona viloyati: So`x, Farg`ona tumanlarida qor ko`chish xavfi e`lon qilinadi.
"Tog` oldi va tog`li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan, dam oluvchilardan hamda tog`li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko`rishlarini so`raymiz" deyiladi xabarda.






