1

Qoraqalpog`istonda aholi foydalanmayotgan buyumlarini ehtiyojmand oilalarga tarqatmoqda

Jamiyat 03.02.2023, 22:23
Qoraqalpog`istonda aholi foydalanmayotgan buyumlarini ehtiyojmand oilalarga tarqatmoqda

Qoraqalpog`istonda kam ta`minlangan oilalarga ko`maklashish maqsadida «Mehr harakati» aksiyasi boshlangan edi. Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog`iston boshqarmasi esa mahalliy faollar bilan hamkorlikda 23 yanvardan "Mehr harakati aksiyasiga hissamiz" loyihasini boshladi.

Loyiha doirasida boshqarmaning Nukusdagi binosi oldiga maxsus konteyner o`rnatilgan bo`lib, unga hozirda foydalanilmayotgan kiyim-kechaklar, uy-ro`zg`or buyumlar va bolalar o`yinchoqlarini olib kelib, topshirish mumkin. Unga nafaqat nukusliklar, balki shaharga yaqin hisoblangan Taxiatosh va Xo`jayli tumani aholisi ham o`z buyumlarini topshirmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog`iston boshqarmasi vakili Paraxat Kazaxbaevning ma`lum qilishicha, ushbu aksiya doirasida 23−30 yanvar kunlari to`plangan buyumlar Bo`zatov, Kegeyli, Qorao`zak tumanlaridagi 200 dan ortiq oilalarga tarqatilgan. Shuningdek, ayrim ehtiyojmand fuqarolar zarur buyumlarni o`zi kelib olib ketmoqda.

Fuqarolar ushbu "saxovat konteyneri" faqat qishning sovuq kunlarida emas, balki hamma vaqt ishlab turishi maqsadga muvofiqligini ta`kidlamoqda. Aksiyada Qoraqalpog`istonning chekka hududlari aholisi ham qatnashyapti — agentlikning tumanlardagi bo`limlariga buyumlarini topshirish istagini bildirgan aholidan ularni qabul qilib olish haqida topshiriq berilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1