O`zbekiston Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasini oldi, evaziga zamonaviy tez yordam mashinalari jo`natildi

Jamiyat 08.02.2023, 00:31
O`zbekiston Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasini oldi, evaziga zamonaviy tez yordam mashinalari jo`natildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 fevral kuni Turkman xalqining milliy etakchisi va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida etakchilar O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birlarini dildan qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar. Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning ham samimiy tabriklarini etkazdi.

O`tgan yillarda O`zbekiston-Turkmaniston munosabatlari do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va ishonchdek ezgu an`analarga tayangan holda jadal rivojlanib borgani va bugungi kunda strategik sheriklikdek yuksak darajaga ko`tarilgani alohida qayd etildi.

Ushbu qutlug` kunda azaldan yaqin qardoshlik rishtalaridan kelib chiqib va o`zaro hurmat belgisi sifatida mamlakatlarimiz o`rtasida do`stona yordam almashildi – Turkmanistondan yurtimizga suyultirilgan gaz partiyasi etkazildi, o`z navbatida O`zbekistondan qo`shni mamlakatga zamonaviy tez yordam mashinalari jo`natildi.

Bundan tashqari, kuni kecha mamlakatlarimiz poytaxtlarida keng jamoatchilik, milliy diasporalar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida tantanali tadbir va konsertlar bo`lib o`tdi.

Tovar ayirboshlashning o`sayotgani hamda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo`yicha birgalikdagi ishlar boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Transport, energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasida, shu jumladan qo`shma suv xo`jaligi komissiyasi doirasida samarali hamkorlik davom etmoqda.

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida, shu jumladan hududlar darajasida ta`lim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari faol ro`yobga chiqarilmoqda.

O`zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mintaqaviy ahamiyatga ega strategik loyihalarni birgalikda ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta`kidlandi.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1