Har bir ota-ona farzandini uylantirar yoki uzatar ekan, yoshlarning yaxshi yashab ketishlarini, qo`sha qarishini orzu qiladi. «Sinalmagan otning sirtidan o`tma», degan maqol bejizga aytilmagan. Xalqimizda biror oila bilan quda-andachilik rishtalarini bog`lashdan avval, albatta, bo`lg`usi kelin yo kuyovning etti pushtigacha surishtirish odat tusini olgan.
Odatda biror xonadonga kelin tushirib kelingach esa, qaynona unga o`z oilasidagi qonun-qoidalarni o`rgatishga tushadi. Chunki har bir xonadonda o`ziga yarasha tartib-intizom bor.
Lekin Gulnisoning oilaviy hayoti umuman boshqacha boshlandi. Otasi olis o`lkalarga ishlagani ketgandi. Onasi, singlisi va ukalari bilan katta shaharda, ijara uyda turishardi. Oila boshlig`idan anchagacha hech qanday xat-xabar bo`lmagach, bir kuni ammasi Gulnisoning onasini yoniga chaqirdi:
-Mahallamizda bir yigit bor, uyidagilar qiz qidirib yuriibdi. Qiz bolaning tengi chiqsa, tekin berish kerak. Eringizdan darak kutib o`tiraversangiz, qizingizning yoshi o`tib qoladi. Agar yoshlar bir-biriga ma`qul kelsa, oddiygina bo`lsa-da to`yni o`tkazaversak!
Amma shunday deya kelinning suratini o`zi bilan olib ketdi. Ikki yosh uchrashishdi. Bir ko`rishda es-hushlarini yo`qotgudek bo`lmasa-da, har qalay yoshlar bir-biriga ma`qul tushdi. Qaynona bo`lmish: «Endigina erimning yilini berdik. Shuning uchun katta to`y qilmaymiz” deyishdi. Bu to`y sarf-xarajatlarini o`ylab, taraddudlanayotgan kelin tarafga ham ma`qul keldi. Xullas, sarf-xarajatsiz, sarpo-suruqsiz to`y bo`lib o`tdi.
To`ydan keyin Gulniso bir begona olamga tushib qolgandek bo`ldi. Kelin bo`lib tushgan xonadonining tutumi, turmush tarzi umuman boshqacha ekan. O`ziga to`q xonadon. Shaharda ikkita uyi, tumanda hovlilari bor edi. Lekin oila a`zolari orasida bir-biriga nisbatan mehr sezilmasdi. O`zaro gaplashganlarida ham, ana shu sovuqchilik sezilib turar, «bu mening pulim, u sening puling», qabilidagi mayda-chuyda gaplar tez-tez quloqqa chalinardi. O`z uyida bunday ayirmachilikni ko`rmagan Gulniso anchagacha bu “odat”larga ko`nikolmay yurdi.
To`ydan keyingi ilk kunlarda, kelinning yaqinlari uy-joysiz ekanligi, birovlarning uyida yashashini eshitgan qaynonaning o`takasi yorildi:
-Bu uy-joylar hammasi qizimning nomida. O`g`lim ham bu erda ro`yxatda turmaydi. Shuning uchun sizni ham “propiska”dan o`tkazolmaymiz.
O`z uyida kattalarning gapini qonun o`rnida qabul qilib o`rgangan Gulniso qaynonaning bu talabini ham so`zsiz qabul qildi.
Biroq, bu bu bilan qaynonaning “xurmacha” qiliqlari” tugamadi. Yangi kelinning har bir ishidan xato topadigan, qildan qiyiq axtaradigan bo`lib qoldi. Ovqat seryog`roq bo`lib qolsa, albatta qaynonaning ovozi ko`tarilib qolardi:
-Kelinposhsho, otangiz chet eldan tonnaab yog` jo`natib qo`ymagandir?
Bordi-yu, ovqatning yog`i kamroq bo`lsa ham kelin balogardon edi:
-Yo`qchilikda obi yovg`onni ichib o`rganib qolgansizda, o`rgilay. Nima bu ovqatmi yo yuvindimi?
Qaynonasining biror gapiga e`tiroz bildirgudek bo`lsa, “hali mushtdek boshingiz bilan gap qaytaradigan bo`p qoldingizmi?” deb og`ziga urar, har gapini bosh egib, jimgina ma`qullasa ham yana boshi baloga qolardi: “indamasdan innov balo chiqadi, deb sizni aytadilar-da! Odam degani ham shunaqa pismiq bo`larkan-da!”
Ertalab chap yoni bilan uyg`onib qolsa bormi, sochlarini to`zg`itib o`tirgan joyida janjalni boshlardi:
-Shu uyni egasi bo`lib, ochimdan o`laman shekilli. Odamga o`xshab ertalab choyga chaqirish ham yo`q.
-Voy oyijon, ikki marta chaqirib keldim-ku?
-Hali chaqirganingizni minnat ham qilasizmi? Til uchida “yuring choyga” deb ketishni qo`shnining kelini ham eplaydi. Taklif ham sal ko`ngildan chiqishi kerak-da!
Xullas o`tirsa o`poq, tursa so`poq edi.
Gulniso bu haqda eriga ham bir-ikki og`iz ochgandi. Ammo, shu yoshga kirib onasining izmidan chiqmagan eri bir marta bo`lsin, ayolining iltijolariga quloq osmadi.
-Nima desang de. U kishi meni tuqqan onam. Ra`ylariga qarshi borolmayman. To`g`ri biroz injiqliklari bor. Biz ham chidab yuribmizku!
Qaynona bir-ikki marta Gulnisoning eriga shikoyat qilganidan xabar topganmi, har qalay naq qiyomat-qoimni boshladi:
-Hali, sen o`z o`g`limga meni yomonotliq qiladigan bo`ldingmi? Senga o`xshab, ko`chadan kelib, to`r meniki deydiganlarni ko`pini ko`rganman. Bilib qo`y, o`g`lim men nima desam, shuni qiladi. Uni o`z yo`rig`imga solaman, deb ovora bo`lma. Bir og`iz aytsam, ko`chaga chiqarib tashlaydi. Qani, keyin kimning uyiga sig`indi bo`lib borarkinsa?
Bu gaplardan Gulnisoning yuragi orqaga tortib ketdi: «Chindanam uydan quvib chiqarsa nima qilaman? Bu sharmandalik-ku. Odamlar nima deb o`ylashadi?» shu-shu eriga bu haqda og`iz ochmaslikka qaror qildi.
Bir kuni ertalab qo`lida bir shisha suv ko`tarib olgan qaynonasi Gulnisoga tez kiyinishni buyurdi. Hech narsani so`rashga botinolmagan Gulnisoga unga ergashdi. Ikkalasi birga ko`chaga chiqishdi. Ulovga o`tirib, shaharning boshqa chekkasiga yo`l olishdi. Manzilga etib kelishgach:
-Borgin, anavi «dom»ning yoniga borib, Ahad degan yigit qaerda yashashini so`ragin. U bizdan katta pul qarz olgandi, qaytarmadi. Yashayotgan uyini topsak, eshigi yoniga mana bu suvni sepamiz. Keyin qarzimizni, albatta, qaytaradi!
Gulniso ilgari “issiq-sovuq” haqida eshitgan, biroq, bu ish og`ir gunohlardan biri ekanini ham yaxshi bilardi. Ayni paytda uu nima qilarini bilmay qolgandi. Nazaida kimdir uning qo`liga pichoq tutqazib, “falonchini o`ldirib kel” degandek oyog`iga titroq kirgandi:
-Namuncha qoqqan qoziqdek turib qoldingiz, borsangiz-chi? – past, ammo tahdidli ovozda pichirladi qaynona.
Gulniso uy oldiga borib, yaqin atrofdagi odamlardan qaynonasi aytgan yigitni surishtirdi. Biroq hech kim bunday yigitni tanimasdi.
-Bo`lmasa, hu-u, anavi «dom»ning old tomoniga o`tib, raqamini ko`rib keling!
Kelin itoatkorlik bilan boshqa «dom» sari yo`l oldi. Xuddi o`g`rilardek orqa-oldiga qarab ketayotganda kutilmaganda ro`parasidan bahaybat it akillagancha unga qarab kela boshladi. Gulniso itni ko`rdiyu, turgan erida qotib qoldi. Qochay desa oyog`i erga mixlangandek. Shu payt undan ancha narida turgan qaynonasiga qaradi. Chamasi u keliniga zaharxanda bilan iljaygancha qarab turardi.
Shu choq qaerdandir bir qariya paydo bo`ldi-yu, erdagn tosh olib, haligi itga qarab irg`itdi. It lo`killagancha ortiga qaytdi.
Xullas, o`sha kuni izlagan odamlarini topisholmadi. Shunday bo`lsa ham ќaynonasi qo`lidagi idishning suvini yigit yashaydigan ko`chaga to`kib chiqdi:
-O`zi siz bilan ishim unmasligini sezmasdim. Mayli, bo`lar ish bo`ldi. Baribir mana shu ko`chadan o`tadi-ku. Suv to`kilgan joyni bosib o`tsa, dam-duo ta`sirini o`tkazadi.
Gulniso keyinchalik, bildiki, qaynonasi bunday ishlarga ustasi farang ekan. Kunda-kunora folbin-u azayimxonlarga qatnarkan. Uyida ham antiqa-antiqa odatlarga ko`zi tushadigan bo`ldi: Bir qarasa, gaz plitani yoqib, ustiga otning taqasini qizdirib qo`yadi, bir qarasa, derazaning shamol o`ynaydigan joyiga arabiy harflar bitilgan qog`oz parchalarini shamolda hilpiratib osib qo`yadi. Shakar, quruqchoy, tuz haqida-ku gapirmasak њam bo`ladi. Bularning barchasiga «dam» soldirib kelgan.
-Kelin, choyni ќaytarmang, aks holda o`z kuchini yo`qotadi…
-Kelin, hammomda tog`orada turgan suvni daraxtning tagiga to`king. U dam solingan suv.
Qaynonasi uyga kelgan-ketganlardan ham gumonsirashni kanda qilmasdi. Begonalarni uyiga kiritishmas, qo`shnilar bilan oldi-berdi qilishmasdi.
Gulniso bir kuni onasining uyiga borib kelganida, qaynonasi uni ostonada to`xtatdi:
-Qani, to`g`ri mana bu uyga o`ting. Sumkangizni o`sha erga bo`shating. Bizni «issiq-sovuq» qilib kelgan bo`lmang tag`in!
Gulnisoning sumkasidan biror “shubhali” buyum chiqmagach, nochor uyga kiritdi...
Onasining folbinu qushnochga yugur-yugurlari farzandlarining ham miyasini zaharlab bo`lgandi:
-Kalitimni ishxonada unutib qoldiribman, - dedi bir kuni eri dasturxon boshida. – esim kirdi-chiqdi bo`lib qoldi keyingi paytlar. Kimdir meni “bog`lab” tashladimi, deb qo`rqyapman.
-Bilmasam, ana xotiningdan so`ra, qo`lidan hamma ish keladi, - deya Gulnisoga imo qildi qaynona.
Bora-bora oila a`zolari biror uzoqroq joyga mehmonga borishsa, Gulnisoni ammasining uyiga jo`natadigan bo`lishdi.
-Biz mehmonga ketayapmiz. Siz buguncha ammangiznikiga borib turing!
-Nimaga? Tushunmadim?
-Har qalay, hozir hamadan har narsani kutsa bo`ladi. Ehtiyot shart-da!
...Shu kuni Gulniso ko`z-yoshlarini oqizgancha, lash-lushini bir tugunga joylab, onasinikiga yo`l oldi.
-Oyijon, o`lar bo`lsam o`lib bo`ldim, pichoq suyakka qadaldi. Bir umr uyda o`tirsam ham mayli, lekin o`sha uyga meni qaytib borgim yo`q.
Qizining dardu hasratini tinglagan ona har qancha og`ir bo`lmasin, ko`ndi:
-Tor qornimga siqqan, keng uyimga sig`maysanmi? Mayli, seni sig`dirmagan uyga jo`natib, toshbahir odamlarga tashlab qo`ydigan qizim yo`q.
Ha, hayotning issiq-sovug`iga ko`nikib kelgan qiz qaynonaning “issiq-sovuq”lariga chidolmadi. U onasining yoniga qaytib to`g`ri qildimikin? Siz nima deysiz aziz mushtariy?
G. Ayupova