AsosiyJamiyat

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi.

'Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi'ning rasmi

Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 12 iyunda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qaror qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflyatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu, o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning may oyidagi bir oz pasayishiga qaramasdan inflyatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi.

Yil boshidan o‘suvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflyatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.

Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.

2025 yilning yanvar–may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va budjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.

An’anaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valyuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflyatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.

Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasi saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlaydi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadidaMarkaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar