1

«Farzand tug`ilmagunicha ajratishmaydimi?», «Nikoh bekor qilinmay uylansa...» kabi savollarga mutaxassis javoblari

Savol-javob 24.09.2016, 09:47
Teglar: Ayol, Savol-javob, Oila
«Farzand tug`ilmagunicha ajratishmaydimi?», «Nikoh bekor qilinmay uylansa...» kabi savollarga mutaxassis javoblari

Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Mirobod tumani Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktor o`rinbosari Begzod OLIMOV javob beradilar. Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«FARZAND TUG`ILMAGUNIChA AJRATIShMAYDIMI?»

— Ayrim sabablarga ko`ra, erim bilan ajrashmoqchimiz. Tug`ilajak farzandimga otasining emas, bobosi (mening otam)ning nasabini bersa bo`ladimi? Ayol homilador bo`lsa, ajrim masalasi ko`rilmaydi, deyishdi. Shu rostmi?

Munira SAIDAHMEDOVA, Toshkent viloyati

— Amaldagi qonunchilikka ko`ra, ayol homilador bo`lsa, farzand tug`ilib to bir yoshga to`lmaguniga qadar nikohdan ajratish haqidagi da`vo arizalari sud ish yurituviga qabul qilinmaydi. Ish yurituviga qabul qilingan holatlarda esa ish yuritilishi tugatiladi. Farzandga familiya berish, uni o`zgartirish masalasi esa ota-onalar o`rtasida hal qilinadi.

 

«ERIM ROZI, AMMO...»

— Hozirda yashab turgan uyimiz marhum qaynonamning nomida. Qaynotam ko`zim ochiqligida uyni o`g`limning nomiga o`tkazib beray deyapti. Ammo bu ishda turmush o`rtog`imning shaxsan o`zi qatnashishi kerak ekan. U bo`lsa ozodlikdan mahrum etilib, belgilangan jazo muddatini o`tayapti. Yuzaga kelgan holat bo`yicha qanday maslahat bera olasiz?

Barno AHMEDOVA, Toshkent viloyati

— Qaynotangiz, merosxo`rlik (agar u birgalikdagi mulk bo`lsa, ikkidan bir qismiga egalikni belgilash haqida) guvohnomasini rasmiylashtirish uchun notarial idoraga murojaat qilishi lozim. Meros rasmiylashtirilayotgan vaqtda ishtirok etolmagan merosxo`rlarning ulushlari ochiq qoldiriladi. Agar eringiz jazo o`tayotgan joydan yaqinlariga o`z nomidan merosni rasmiylashtirish uchun ishonchnoma bermagan bo`lsa, uning meros ulushi ochiq qoladi.

 

«BIR XONADONDA IKKITA BOLA BO`LSA, YoRDAM PULI AJRATILMAYDIMI»

— Farzandim va jiyanim uchun ikki yoshgacha bo`lgan bola puli masalasida mahallaga murojaat qilgandim. «Bir xonadondan ikkita bolaga yordam puli ajratilmaydi» deyishdi.  Chindan ham shundaymi?

Nafisa XO`JAMOVA, Nukus shahri

— Doimiy ro`yxati bitta joyda bo`lib, bir xonadonda yashasa, fuqarolar yig`ini tomonidan ehtiyojmand, deb e`tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.

 

«NIKOH BEKOR QILINMAY UYLANSA...»

— Farzandim bilan ota uyimga qaytib keldim. Oradan uch oy o`tib, erim boshqa ayolga uylandi. O`rtada bola bo`lgani tufayli ajrim masalasi uzil-kesil hal etilmagan. Qonuniy nikohi bekor qilinmay, erkakning boshqa ayol bilan yashashi qo`shxotinlik hisoblanmaydimi?

 Mohinur AHMADJONOVA, Samarqand viloyati

— Bir vaqtning o`zida bitta ro`zg`or yuritib, ikkita ayol bilan yashash qo`shxotinlik, deb ataladi. Bunga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.

 

«IMORATNI BIRGALIKDA QURIShGANDI...»

— Turmush o`rtog`im ukasi bilan birgalikda uy qurishdi. Imorat qaynonamning nomiga rasmiylashtirilgan. Taqdir ekan, qaynim ikki yil oldin vafot etdi. Endi bo`lsa, qaynonam o`sha uyni vafot etgan o`g`lining farzandiga bermoqchi. Uy birgalikdagi qurilish hisoblanganidan keyin erimning ham ulushi bo`lmaydimi?

Muxlisa EGAMBERDIEVA, Samarqand viloyati

— Farzandlarning yoki yaqin qarindoshlarning qurilishda ishtirok etishi ularga nisbatan egalik huquqini belgilash asosini keltirib chiqarmaydi. Mulkdor (er egasi)ning roziligi bilan kelishgan holatda unga tegishli er maydonida qurilish amalga oshirilgan bo`lsa, bu birgalikdagi mulk deb topilishi mumkin. Agar qaynonangiz va turmush o`rtog`ingiz o`rtasida birgalikda qurilish qilish haqida yozma kelishuv mavjud bo`lsa, imoratga nisbatan birgalikdagi mulk huquqini belgilash to`g`risidagi da`vo  talabi bilan fuqarolik sudiga murojaat qilsangiz bo`ladi.

 

«MODDIY YoRDAM OLMOQChIMAN...»

— Turmushim bo`lmay, erim bilan ajrashganman. Akam bilan bir uyda yashaymiz, lekin ro`zg`orimiz bo`lak. Ikki farzandimni ta`minlashga qiynalayapman. Doimiy ish joyim ham yo`q. Mahallaga murojaat qilib, moddiy yordam ajratishlarini so`rashim mumkinmi?

Mahfuza SOTIBOLDIEVA, Namangan viloyati  

— Moddiy yordam masalasida doimiy ro`yxatdan o`tgan manzilingiz bo`yicha mahalla fuqarolari yig`iniga murojaat etishga haqlisiz. Arizangiz mahalla fuqarolari yig`ini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash komissiyasi tomonidan ko`rib chiqiladi. Bordiyu komissiya tomonidan nafaqa yoki moddiy yordam ko`rsatilishi rad etilsa, mahalla fuqarolari yig`ini tavsiyasiga ko`ra, hokimiyat tomonidan bir martalik moddiy yordam olishingiz mumkin. Ish masalasida esa bandlikka ko`maklashish markazlariga murojaat eting.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1