“Sanoat energetika guruhi” xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan O`zbekiston energetika tizimi haqida noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilayotganini ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, O`zbekistondagi barcha gaz va neft konlari davlat mulki bo`lgan va shunday bo`lib qoladi. “Sanoat energetika guruhi” esa tegishli lisenziyalar asosida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiradi. Kompaniya O`zbekistonda neft qazib olishni ko`paytirish dasturi doirasida ish olib boradi.
Bugungi kunda “SANEG”da 10 mingdan ortiq O`zbekiston fuqarolari ishlamoqda, shuningdek, 200 ga yaqin yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb etilgan. 2020—2002 yillarda neft qazib olishni ko`paytirish dasturi doirasida kompaniya 540 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi. Buning natijasida suyuqlik ishlab chiqarish hajmini 42 foizga oshirish borasida ishlarni amalga oshirmoqda.
“Sanoat energetika guruhi” MChJ o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ochiq, oshkora olib boradi. Korxona jamoasi yaqin kelajakda suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish va korxona oldiga qo`yilgan barcha vazifalarni bajarish uchun barcha sa`y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Kompaniya xalqi farovonligi yo`lida sohani rivojlantirish, O`zbekiston yoshlarini kasb-hunarga o`rgatish, o`z xodimlari va ularning oila a`zolarini qo`llab-quvvatlashda davom etadi.
Eslatib o`tamiz, sal avval Energetika vaziri O`zbekiston barcha neft va gaz konlariga tegishli eksklyuziv huquqni Rossiyaga berganini rad etgan edi.