26 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari Turkiya etakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog`lik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. O`zbekiston-Turkiya munosabatlari bugungi keng ko`lamli strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlikdek yuksak darajaga ko`tarilishida Prezident Rejep Erdog`anning shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.
O`zbekiston Prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir bo`lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda so`zlarini izhor etdi va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni ko`rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Turkiya Prezidenti, o`z navbatida, eng murakkab pallada ko`rsatilgan ko`mak uchun O`zbekiston Prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli o`nlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam ko`rsatildi. Bundan tashqari, O`zbekiston madaniyati va san`ati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining sa`y-harakatlari katta ma`naviy ko`mak bo`ldi.
Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2022 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o`tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni so`zsiz amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Bo`lajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan O`zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig`ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik ko`rish masalalari ko`rib chiqildi.
O`zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do`stona ruhda o`tdi.