Toshkent shahridagi maktablardan birida o`qituvchi o`quvchilarni kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudining qarori bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan o`qituvchi ayolga BHMning uch baravari miqdorida (900 ming) jarima jazosi tayinlandi.
Maktab o`quvchisiga qo`l ko`targan o`qituvchi ayol voqeaga nimalar sabab bo`lganini ochiqladi.
“Assalomu alaykum, xalqim! Men shu videorolikdagi o`qituvchiman. Biologiya fanidan dars beraman, 20 yillik stajiga egaman. Oliy toifaliman. Magistraturani ham o`qib bitirganman.
Videorolik hakida har fikrlarni o`qidim, ijobiy ham, salbiy ham. Har bir insonning o`z fikri bor. Lekin asl holatni o`zimdan eshitsangiz degandim. “Millar” ko`rsatuvi boshlovchisi, siz ham o`qing va keyingi safar biror voqeani yoritaetganingizda, tarqatgan videorolik bo`yicha emas, voqeaning haqiqatda qanday bo`lganligi to`g`risidagi surishtiruvni olib borishingizni maslahat berar edim.
Videorolikda o`zim tan olaman, o`ta quyushqondan chiqib ketganim ko`ringan. Lekin bu video to`liq video emas, provokasion momentlar qirqib tashlangan. Eng asosiysi — bu uyushtirilgan.
Kim uyushtirgan, nima uchun uyushtirgan, degan savollarga javob beraman.
Maktab direktori Mavlyanova Marziya Davranovna 30 yildan ko`proq shu maktabda faoliyat olib boradi. 30 yil direktor bo`lgandan keyin, talimda ishlaydiganlar biladi, hech kimdan va hech narsadan qo`rqmaydi. Shu maktabdagi 5 yillik faoliyatim natijsida noqonuniy pul yig`imlariga qarshi turdim.
Maktab shtat birligida turadigan qorovulni ota-onalarga qo`riqlash xizmatidan "oxrana" deb tanishtirib, bola boshiga 30 ming so`mdan pul yigib olar edi (maktabda 3 mingga yaqin o`quvchi o`qiydi, yig`iladgan summani tasavvur qiling)
Bechora o`qituvchi o`z mehnati uchun beriladigan ustamaning ham yarmini direktorga "dolya" sifatida qaytarib berishdi kerak. Sinf o`quvchilaridan (sharoiti og`irmi, engilmi, farki yo`q) fond yig`ib bermasangiz, mendek yoki tuzoqqa tushasiz, yoki bosim ostida qolasiz. O`qituvchi xalqi nimayai deydi, “mayli, olaqolsin, darsini bersin, tirikchiligimni qilay”, deydi.
Mening aybim — shu noqonuniy yig`imlarni yig`ishga qarshi bo`lganim. O`tgan o`quv yilida bir ustozning shikoyat xati ketidan maktabni prokuratura tekshirdi. 40-50 mln so`m kamomad chiqdi. Shu tekshiruv paytida pul yig`imlarini haqiqatda yig`ilishini tasdiqlab berganim uchun direktor kun bermay qo`ydi, desam xam buladi. Hattoki, ichki ishlaridan himoya orderi ham olishga majbur bo`ldim. Ochiqdan-ochiq “ishdan bo`sha, arizangni yoz”, deya turtkilayverdi. Arizamni o`zim yozmaganim uchun shunaqa tuzoqlar qo`yishini boshladi. Bu videorolik ham shunaqa tuzoqlardan bittasi.
Maktabda ishlaydiganlar biladi, kameraning “dostupi” faqat direktorning xonasida bo`ladi. Videoni ham uning o`zi tarqatdi. Hattoki o`quvchining onasini chaqirib, “bolamning o`zida ayb ekan, yomon so`kibdi ustozni, kitob daftari ham yo`q ekan”, deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdiribdi.
Bugun sudda oyisi yig`lab kechirim so`radi.
Xalqim, bugun qalbim qon yig`lamokda. O`zim sevgan kasbdan majburlab bugun ariza yozdirishdi. “Tepadagilar” qo`ymayotganmish.
Hurmatli “tepadagilar”, sizlarga bir insonni taqdirini hal qilish shunchalar osonmi? Surishtirmay haydab yuborish shunchalik osonmi? Sizga to`g`risuz o`qituvchilar kerakmasmi? Unda bitta taklif, pedinstitutlarga “yaloqilik qilish texnikasi va uning foydalari” degan fanni qo`shinglar, toki kelajakdagi yosh avlod mendek qiynalib yurmasin, mendek bechora bo`lib qolmasin!
Men bugun yig`lab o`zimga qasam berdim, boshqa o`qituvchilik qilmayman, ortiq o`qituvchilik qilmayman... Mayli, och qolay, mayli bechora bo`lay, ortiq o`qituvchilik qilganim bo`lsin!
Zamon zo`rniki ekan. Bu gaplarni yozishimdan maqsadim — kimningdir rahmini keltirish ham emas, qalbimdan portlab chiqayotgan tuyg`ularimning milliondan birini etkazishga harakat qildim.
Shu xabarni imkon darajada ko`proq tarqating, ko`proq odam o`qisin. Toki, fikrlar o`zgarsa, toki kelgusi haetimizda o`qituvchiga nisbatan qarashlar yanayam o`zgarsa.
Xalqim, sizning farzandlaringizni sevib qoluvchi, Yashnobod tumanidagi 152-maktabning sobiq o`qituvchisi Gulchehra Mamajonova”.






