1

#Ramazon_2023. Ro`zador kishi kunduz kunlari yuvinishi mumkinmi?

Jamiyat 25.03.2023, 05:32
#Ramazon_2023. Ro`zador kishi kunduz kunlari yuvinishi mumkinmi?

Odamlar ichida ro`zador kishi kunduz kuni yuvinishi haqida bir biriga mutlaqo zid ikki xil qarash bor:

1. Ro`zador kishi kunduz kuni mutlaqo yuvinishi mumkin emas;

2. Kunduz kuni bemalol yuvinish mumkin.

Bu mavzuda so`z boshlashdan avval, kunduz kuni ehtilom bo`lib qolgan ro`zador g`usl qilishi vojibligi, albatta, yuvinishi shart ekanini ta`kidlaymiz va bu borada hech qanday ixtilof yo`q. Bizning mavzumiz g`usl qilishi vojib bo`lmagan ro`zadorning yuvinishi haqida bo`ladi.

Bu mavzuda "Al-Fatovol hindiya" kitobida shunday deyiladi:

وَعَنْ أَبِي حَنِيفَةَ - رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى - أَنَّهُ يُكْرَهُ لِلصَّائِمِ الْمَضْمَضَةُ وَالِاسْتِنْشَاقُ بِغَيْرِ وُضُوءٍ وَكُرِهَ الِاغْتِسَالُ وَصَبُّ الْمَاءِ عَلَى الرَّأْسِ وَالِاسْتِنْقَاعُ فِي الْمَاءِ وَالتَّلَفُّفُ بِالثَّوْبِ الْمَبْلُولِ وَقَالَ أَبُويُوسُفَ : لَا يُكْرَهُ ، وَهُوَ الْأَظْهَرُ كَذَا فِي مُحِيطِ السَّرَخْسِيِّ .

ya`ni: "Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro`zador tahoratdan boshqa paytlarda og`iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek g`usl qilish (cho`milish), boshiga suv qo`yish, suvga sho`ng`ish, namlangan kiyimga o`ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: "Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas". Mana shu gap ustunroq, "Muhiti Saraxsiy" kitobida shunday kelgan".

Demak, jiddiy zarurat bo`lmaganda tahoratdan boshqa paytlarda og`iz va burun chayish, g`usl qilish (cho`milish), boshiga suv qo`yish, suvga sho`ng`ish, namlangan kiyimga o`ranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa,  Imom Abu Hanifa rahimahullohning so`zlariga amal qilingan bo`ladi.

Lekin, masalan,  kun qattiq isib ketganda va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug`ilsa va ibodatdan bezor bo`lish ma`nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma`nosida bu ishlarni qilinsa, Imom Abu Yusuf rahimahullohning so`zlariga, keyingi ulamolar ustun ko`rgan so`zga amal qilingan bo`ladi, makruh bo`lmaydi. Vallohu a`lam.


O`zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1