Janubiy Koreyalik bolalar uchun “Sharq gavhari – Samarqand”, “Mening bulut do`stim”, “Nortoy va qorbobo”, “Makkorning hiylasi”, “Kichkina musiqachi” nomli o`zbek ertaklari koreys tiliga tarjima qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ushbu loyiha o`zbek xalqining madaniyati, milliy urf-odatlari va an`analarini xorijiy mamlakatlarda keng targ`ib qilish maqsadida Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vazirligi huzuridagi Osiyo madaniyat markazi ko`magida amalga oshirildi.
Osiyo madaniyat markazi (Asia Culture Center, ACC) xalqaro madaniyat va san`at almashinuvi markazi bo`lib, 2015 yil noyabr oyidan boshlab o`z faoliyatini yuritib kelmoqda. Mazkur markazning asosiy maqsadi Osiyoning o`tmishi va hozirgi san`ati va madaniyatini innovasion g`oyalar bilan birlashtirish orqali yangi kelajakka o`ynaltirilgan natijalarni ishlab chiqishdan iborat.
Yosh koreys kitobxonlarga taqdim etilayotgan o`zbek ertaklari eramizdan avvalgi II-I asrlarda yuzaga kelgan xalqlar o`rtasida madaniyat almashuvlarida muhim o`rin tutgan Buyuk ipak yo`li markazida joylashgan ko`hna Samarqand haqida va u Sharq va G`arb mamlakatlari o`rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalarga qo`shgan hissasi haqida tasavvurga ega bo`lishlariga imkon yaratadi.
Shuningdek ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi maskan – dunyoga mashhur Registon maydoni, Samarqand hunarmandchilik durdonalari, shoyi gazlamalari hamda sayyohlar qulayliklari uchun yaratilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoezdi haqida ma`lumotlar matn va yorqin rasmlar orqali ifoda etilgan.