Toshkent shahar Yunusobod tumanida 47 yoshli erkak 6 yoshli qizchaga tegajog`lik qilgani haqida xabar bergan edik.
2022 yil 22 dekabrda sudlanuvchi JKningJKning 25,119-moddasi 4-qismi asosida ushbu kodeksning 57-moddasini qo`llagan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.
2023 yil 9 yanvar kuni Yunusobod tumani prokurori Azimov O.A. Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasiga apellyasiya arizasi yuborgan.
Oliy sud Plenumining “Zo`rlash va jinsiy ehtiyojlarni g`ayritabiiy shaklda qondirish bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 8-bandiga muvofiq, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish jinoyati tegishli jinoyat tarkibining ob`ektiv tomoni sifatida nazarda tutilgan jinsiy aloqa yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirishga qaratilgan harakatlar boshlangan paytdan, ular tugatilganligidan va kelib chiqqan oqibatlardan qat`iy nazar, tamom bo`lgan hisoblanadi. Prokuror tuman sudining hukmini o`zgartirib, qonun talablari asosida jazo tayinlashni so`ragan.
Joriy yilning 16 fevral kuni Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining apellyasiya instansiyasi Toshkent shahar Yunusobod tumani prokurorining mazkur murojaati asosida ushbu ishni ko`rib chiqdi.
Ko`rib chiqish natijasida JIB Yunusobod tuman sudining 2022 yil 22 dekabrdagi R.Sh.ga nisbatan hukmi bekor qilindi. Fuqaro R. Sh. JKning 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Qayd etilishicha, birinchi instansiya hukmida ayblov 25-modda jinoyatga tayyorgarlik ko`rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish orqali ilgari surilgan. Biroq prokurorning shikoyatidan so`ng, keltirilgan vajlarga muvofiq, apellyasiya sudi bu suiqasd emas, balki tugallangan jinoyat, deb topib, qonunda belgilangan tartibda jazoni kuchaytirgan.