Internet hayotimizga shiddat bilan kirib kelishda davom etmoqda. U orqali bola turli ensiklopedik saytlarda bilimini oshirsa, til o`rganish saytlarida chet tili amaliyotini o`taydi, ijtimoiy saytlarda esa o`z hamfikrlari bilan fikr almashib, yangi do`stlar orttiradi.
Yigirma birinchi asr kommunikasion texnologiyalar asri. Ba`zan farzandimizning «kuni bilan internetda o`tirishi, hatto reseptlar topib berishi-yu, biz aqlimiz etmagan narsalarga ham uning aqli etishi» haqida boshqalarga maqtanamiz. Ammo «o`rgimchak to`ri» deya atalmish bu internet tarmoqlarida foydali ma`lumotlar bilan birgalikda turli-tuman fitna-fasodlar ham har qadamda uchraydi. Bolaning to`la shakllanib ulgurmagan ong-shuuri har qanday ma`lumotni o`ziga singdirib oladi. Siz farzandingizning qaysi saytlarda vaqt o`tkazishini va u erdan qanday ma`lumotlar egaligi, kim bilan va nimalar haqida suhbat qurishini bilasizmi?
Tarmoqdagi razolat qopqoni
Microsoft kompaniyasining tadqiqotlariga ko`ra ota‑onalarning aksariyati internetni farzandlari uchun xavfli sanamas ekanlar. Internet qopqonlarini sinab ko`rish uchun 11 yoshli qizim bilan birga «bolalar uchun uyinlar» qidirishga kirishdik. Qidiruv natijasida chiqqan saytlarga kirar ekanman, uning chetida turli-tuman almashinib turuvchi, e`tibor tortuvchi reklamalar ko`rindi. Yonimga turgan qizimning e`tiborini o`yin emas, aynan reklamalar tortdi:
- Oyi, mana bu erga bosing, ko`raylik nima bor ekan, — deya iltimos qila boshlaydi.
Oshkora xavf
Internet fohishabozlik, tajovuzkorlik, milliy nizo, turli diniy oqimlarga jalb qilish, giyohvand moddalar yoki spirtli ichimliklar iste`mol qilishga chaqiruvchi saytlar va chatlar bilan to`lib toshgan. Mazkur sayt va chatlarda bolaning miyasiga shunday ma`lumotlar singdiriladiki, uning ruhiyatiga bu katta zarar etkazadi.
Kattalar fisqu-fasodlarni chetlab o`tishni bilsalar, bola yarqirab, o`ziga chaqirib turgan narsalarga qiziqadi. Unda qiziquvchanlik bor, turli tashqi ta`sirlardan esa o`zini-o`zi himoya qilish hissi to`la rivojlanmagan. Hamda u ishonuvchan bo`lib, berilgan ma`lumotga shubha bilan emas, qiziqish bilan qaraydi.
Turli-tuman zulm, shafqatsizlikka chaqiruvchi saytlar esa har qanday katta kishida ham dahshat o`yg`otib, sarosimaga solib qo`yadi. Tomchi toshni enggani kabi bu surat va videolavhalarni ko`rgan bolada kun kelib xuddi shu harakatlarni takrorlash hissi o`yg`onmasligiga kafolat yo`q. Ko`rgan narsasini takrorlash istagi bola tabiatida mavjud. Ruhiyati har qanday tashqaridan keluvchi ma`lumotlarga ta`sirchan bo`lib, xotirasida hayotda sodir bo`lgan (yomon yoki yaxshi hodisa bo`lishidan qat`i nazar) ta`sirli lavhalar muhrlanib qoladi.
Do`sti kim?
Farzandingizning internet orqali kimlar bilan va nima haqida gaplashayotganiga e`tiborli bo`ling. Bola kirayotgan forum, chatlarning yo`nalishlarini tekshiring. Do`st qiyofasidagi kishilar farzandingizga turli yot fikrlarni singdirishi mumkin. Shuning uchun farzandingizning nafaqat hayotidagi do`stlari, balki virtual (ya`ni internet orqali tanishgan) do`stlari ham kim ekanligidan xabardor bo`ling.
Viruslar va robotlar
Internet tarmoqlarida yashiringan yana bir qopqon shuki, bola notanish saytlarga kirib, u erdagi anketalarni to`ldirishi mumkin. Bunday yo`l orqali jinoyatchilar siz va oila a`zolaringiz, bank raqamlari yoki kredit kartochkalar haqida ma`lumot yig`ib olishlari mumkin. Internet kompyuteringizdagi barcha ma`lumotlarni boshqa kompyuterlarga etkazib beruvchi viruslar bilan ham to`lib toshgan. Masalan, 2009 yilda Buyuk Britaniyada 3 yoshli Jek Nil internet-auksion orqali 170 000 dollarlik pushti kabriolet sotib oladi. Bu xabarni eshitgan Jekning ota-onasi hayratdan yoqa ushlab, bolaning ba`zi saytlarga kirishini taqiqlashadi.
Diqqat qiling!
-
Bolaga internetga kirishiga ruxsat berganingizda uni turli xavflardan ogohlantiring. Internetdan foydalanish qoidasini u bilan birgalikda tuzing. Kompyuter bolaning xonasida emas, mehmonxona yoki umumiy xonada tursin.
-
Internet orqali oilangiz a`zolari haqida (uy manzili, maktab, telefon raqamlari) ma`lumotlarni kiritmaslikni bolaga uqtiring. Kattalarning nazoratisiz internet orqali tanishgan do`stlari bilan uchrashish xavfli ekanligini bildiring.
-
Internet orqali odamlar o`zini boshqacha ko`rsatishga harakat qilishini bolaga tushuntiring.
-
Hozirgi kunda antivirus dasturlarida «ota-ona nazorati faoliyati» xizmat ko`rsatmoqda. Mana shu dasturlardan foydalaning. Farzandingiz siz yo`qligingizda internetga kirganda ham bu dasturlar ma`lum ma`noda ularni turli ta`sirlardan himoya qiladi.
-
Bolaning qaysi saytlarga kirganini internet brauzerlardagi (internetga kiruvchi sahifalar: Firefox, Internet Explorer, Opera) tarixdan Ctrl+H yordamida tekshirib turing.
-
Iloji bo`lsa internetga bola bilan birgalikda kiring. Uning internet hayoti — forum, blog va kundaliklari mavzusi bilan tanishib, virtual do`stlarini ham ko`zdan kechiring.
Ota-onalarga bir og`iz so`z!
Internet bolaning tashqi salomatligiga zarar qilmasligi mumkin, ammo ruhiy salomatlik ham muhim ekanini unutmang. Maqolani yozishdan maqsadimiz sizni sarosimaga tushirish emas, balki bu borada biroz e`tiborli bo`lishga jalb qilish. Albatta, bola internet olami va yangi texnologiyalardan xabardor bo`lgani tahsinga loyiq, ammo hurmatli ota-onalar, siz ham bu borada farzandingizga yo`lboshchi bo`ling. Bolaga internet olamida ota-ona yo`lboshchi bo`lishi kerak, aksincha emas. «Hozirgi kunda ota-onalar internet va kompyuter borasida farzandlaridan bir qadam oldinda bo`lishlari lozim va bolaga internet sahifalari haqida ma`lumot berib, u erdagi xavf borasida ogohlantirishlari lozim» — deydi ruhshunoslar. Haqiqatan ham bolani maktab yoki bog`chaga berganda, eng avvalo, u erdagi sharoitlar bilan tanishib chiqasiz. Internet tarmog`ida farzandingiz turli xavflarga duch kelishi mumkinligini yoddan chiqarmasangiz, bas.