AsosiySiyosat

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi 2 ta chegara posti faoliyati tiklanishi mumkin

'O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi 2 ta chegara posti faoliyati tiklanishi mumkin'ning rasmi

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari A. Yazmuradov boshchiligidagi delegasiyaning O`zbekistonga tashrifi davomida suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`zbek-turkman hukumatlararo qo`shma komissiyasining uchinchi yig`ilishi o`tkazildi.

— Keyingi yillarda O`zbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining yuksak sa`y-harakatlari evaziga azaliy rishtalar, qardoshlik aloqalari yanada rivojlanib, munosabatlarimiz sifat jihatdan yangi bosqichga – strategik hamkorlik darajasiga ko`tarildi, — dedi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, qo`shma komissiyaning O`zbekiston tomoni raisi Sh. G`aniev.

O`z navbatida, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari A.Yazmuradov ham ikki davlat rahbarining oqilona va uzoqni ko`zlab yuritayotgan siyosati tufayli transchegaraviy suv resurslarini boshqarish borasidagi hamkorlik, do`stlik, yaxshi qo`shnichilik tobora mustahkamlanayotganini e`tirof etdi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz suv masalalari bo`yicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi va Davlatlararo suv xo`jaligini muvofiqlashtirish komissiyasida, suvdan foydalanish bo`yicha hukumatlararo ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yillarda o`zaro hamkorlik va erishilayotgan kelishuvlar natijasida Amudaryo havzasida suv ta`minoti darajasini yaxshilash bo`yicha ijobiy natijalarga erishilyapti.

Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amu-Zang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. O`z navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv etkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining 6 ta nasos stansiyasi Turkmaniston hududida joylashgan bo`lib, o`zbekistonlik suvchilar qo`shni davlat hududiga o`tib, ularni ishlatadi.

Turkmaniston Amudaryodan o`z hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi.

O`zbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpog`iston hamda Turkmanistonning Toshovuz viloyati hududlarini suv bilan ta`minlovchi Tuyamo`yin suv ombori ikki mamlakat chegara hududlarida shakllanadi. Undan chiqariladigan suv Turkmandaryo hamda Chapqirg`oq magistral kanallari, shuningdek, Tuyamo`yin gidrouzelining pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan Xonyop, Jumaboy soqa, Qilichniyazboy va Qipchoq-Bo`zsuv kanallari orqali Toshovuz viloyati hududlariga etkazib beriladi.

— Suvchilarning millati bo`lmaydi. Biz yagona millat, bir xalq vakillarimiz, — dedi yig`ilishda suv xo`jaligi vaziri Sh. Xamraev. —Tomonlarning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan Turkmaniston hududida joylashgan O`zbekistonning suv xo`jaligi ob`ektlari, xususan, Qarshi magistral kanali, Amu-Buxoro mashina kanali va Tuyamo`yin GES majmualari ishlashi ta`minlanmoqda.

Qo`shma komissiya yig`ilishida Turkmaniston hududida joylashgan O`zbekiston Respublikasi suv xo`jaligi ob`ektlariga xizmat ko`rsatuvchi ishchilar uchun “Vaxta” rejimini bekor qilish hamda “Tallimarjon-Tallmerdjen” va “Drujba-Gazodjak” chegara postlari faoliyatini qayta tiklash, Amudaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish tizimini va ma`lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish, Amudaryo qirg`oqlarini mustahkamlash va o`zanlarini to`g`rilash orqali suv yo`qotilishini kamaytirish hamda suvning to`siqsiz o`tish choralarini ko`rish, “Tuyamo`yin gidrouzeli Sultonsanjar to`g`onida suv filtrasiyasiga qarshi devor qurish” hamda “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash” (Faza-3) loyihalari doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga Turmaniston hududiga kirish vizalari berish kabi masalalar muhokama qilindi. Ko`rilgan masalalar yuzasidan Bayonnoma imzolandi.

Suv xo`jaligi masalalari bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiyaning navbatdagi yig`ilishini 2024 yilda Turkmanistonning Turkmanobod shahrida o`tkazishga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar