O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 aprel kuni Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi.
Yangi o`rta muddatli sheriklik dasturi doirasida Bank guruhi bilan keng ko`lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda qo`shma loyihalar portfeli iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda 1,3 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizasiya qilish, maktabgacha ta`limni rivojlantirish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik va xususiy investisiyalarni qo`llab-quvvatlash, moliyaviy vositalarni takomillashtirish, Bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizning JSTga qo`shilishi va innovasion ekotizimni yaratish masalalarida texnik ko`makni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi.






