2023 yil 27 aprel kuni Sian shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining to`rtinchi uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbirda O`zbekiston, Xitoy, Qozog`iston, Qirg`iz Respublikasi va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari, Turkmaniston vazir o`rinbosari darajasida vakili ishtirok etdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o`rtasidagi o`zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Vazirlar uchrashuvida 2023 yil may oyida Sian shahrida davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo + Xitoy” sammitini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun delegasiyalar rahbarlari ishtirokida press-brifing o`tkazildi.
O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o`z nutqida ushbu format mintaqaviy o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim platforma ekanligini ta`kidladi. Ushbu mintaqaviy muloqotning ustuvor yo`nalishlariga savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar yo`nalishlar kiradi. Ishbilarmon doiralar vakillarining faol ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish mavjud salohiyatdan samarali foydalanish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Brifingda ishtirokchi mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etib, vazirlar uchrashuvi yakunlari bo`yicha o`z bayonotlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan o`z pozisiyalarini bildirdilar.
Xususan, Xitoy Davlat Kengashi a`zosi va tashqi ishlar vaziri Sin Gan o`z nutqi davomida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini to`liq qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi. Shuningdek, u tomonlar bir-birlarining milliy manfaatlarini hurmat qilishlarini va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashishiga yo`l qo`ymasligini ta`kidladi.






