1

O`zbek raqs san`ati og`ir judolikka uchradi

Madaniyat 25.05.2023, 22:12
O`zbek raqs san`ati og`ir judolikka uchradi

Taniqli raqqosa, o`zbek raqs san`atida o`z maktabini yaratgan O`zbekiston xalq artisti Qizlarxon Do`stmuhammedova 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi

Do`stmuhamedova 1946 yilning 25 oktyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. Dastlab 1965 yilda Toshkent davlat universitetini, 1977 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san`ati instituti (hozirgi San`at va madaniyat instituti) tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini 1965 yilda Munavvar Qori Yoqubov nomidagi O`zbek Davlat filarmoniyasi balet solisti sifatida boshlagan va 1989 yilga qadar faoliyat olib borgan. Keyinroq “O`zbekiston” Teatr-studiyasi solisti (1989-1991), Toshkent davlat madaniyat instituti Xalq musiqasi kafedrasi o`qituvchisi (1991-1995), Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamg`armasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida (1999-2005) faoliyat yuritgan. 

Qizlarxon Do`stmuhamedova lirik raqqosa, raqslari nafis va jozibali harakatlarga boyligi bilan ajralib turadi. “Go`zal”, “Tong malikasi”, “Go`zal tong”, “Intizor”, “Buxoro yulduzi”, “Sevgi taronasi”, “Nozli” kabi zamonaviy, shuningdek, “Munojot”, “Tanavor”, “Mo`g`ulchai segoh”, “Qorako`zim”, “Guluzorim”, “Savti miskin” va bilan mumtoz raqslari mashhur. 

“Shashmaqom” telefilmida qatnashgan (1972), “Tanavor” raqs ansambli (Sietl, AQSh)da o`zbek raqslarini sahnalashtirgan. AQSh Liviya, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi mamlakatlarda gastrol safarlarida bo`lgan. Do`stmuhamedova ijodiga bag`ishlab “Nafosat guldastasi” nomli film ishlangan (1985). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (2000). 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1