1

Shavkat Mirziyoev EOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi

Siyosat 25.05.2023, 22:40
Shavkat Mirziyoev EOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 may kuni Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashining o`ttizinchi yig`ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu integrasiyaviy birlashma sammitlarida O`zbekiston 2020 yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon an`anaviy ravishda ishtirok etib kelmoqda.

Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o`tgan bu galgi uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir  Japarov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel hamda Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay`ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperasiyasi loyihalarini qo`llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarida qo`shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari o`z nutqida O`zbekiston EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashma doirasida o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi.

Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o`sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo`yicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022 yilda O`zbekistonning EOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko`paydi. Barqaror o`sish sur`ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Sanoat kooperasiyasi sohasida keyingi yillarda mamlakatimizning ustuvor tarmoqlarida yuzlab qo`shma loyiha va korxonalar ishga tushirildi

Ishbilarmonlar muloqotini rag`batlantirish uchun samarali platformalar yaratildi. Joriy yilning aprel oyida uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli o`tkazilgan va an`anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko`rgazmasi shular jumlasidan.

Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo`lga qo`yildi. Uch yillik Qo`shma reja doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uyg`unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikasiya sohalarida to`siqlarni bartaraf etish bo`yicha 200 dan ziyod tadbir o`tkazildi.

O`zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo`yicha hamda transport, qishloq xo`jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

– Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda, – dedi O`zbekiston etakchisi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz o`rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik to`siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o`zaro tan olish to`g`risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

O`zbekiston Prezidenti bojxona ma`muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integrasiya qilish muhimligini ko`rsatib o`tdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o`tkazish taklif qilindi.

– Evroosiyo makonida yangi ish o`rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperasiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlar ko`rilishi lozim, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimiz kooperasiya loyihalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash bo`yicha ko`p tomonlama dasturlarda va EOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yo`laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e`tibor qaratib, O`zbekiston etakchisi Shimol – Janub xalqaro yo`laklarini va mintaqamizni Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog`lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O`zbekiston – Afg`oniston - Pokiston” temir yo`li qurilishini amalga oshirish bo`yicha Loyiha ofisi ishiga qo`shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O`zbekiston rahbari qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o`rnini faol bosishni rag`batlantirish, “yashil” yo`laklarning to`laqonli ishlashini ta`minlash, qo`shma tadqiqotlar o`tkazish va innovasiyalarni joriy etishni qo`llab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari o`rtasida kooperasiya aloqalarini rivojlantirishni rag`batlantirish takliflarini ilgari surdi.

Shu maqsadda O`zbekistonda qishloq xo`jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining etakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “EOII plyus” formatida Agrar forumni o`tkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta`lim muassasalari va professional ta`lim markazlari o`rtasida sheriklik munosabatlarini yo`lga qo`yish, ilmiy tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo`yicha talab yuqori bo`lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti so`zining yakunida Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig`ilishi yakunlari EOII mamlakatlari bilan o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo`nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1