1 iyundan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

Jamiyat 31.05.2023, 19:15
1 iyundan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab O`zbekistonda bir qancha qarorlarda belgilangan tartiblar kuchga kiradi. 

Tug`ilganlik haqida ma`lumotnoma “roddom”da beriladi

Endi tug`ilganlik haqidagi guvohnoma FHDYo bo`limlarida elektron usulda qayd etilib, tibbiyot muassasalarining o`zida beriladi. Bola tug`ilishi bilan tibbiyot muassasasi u va ota-onasi haqidagi ma`lumotlarni maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDYo bo`limiga axborot tizimi orqali yuboradi. Shundan so`ng FHDYo bo`limi tug`ilganlikni qayd etib, QR-kod qo`yilgan tug`ilganlik haqidagi ma`lumotnomani tibbiyot muassasasiga jo`natadi. Tibbiyot muassasalari ma`lumotnomani bolaning ota-onasiga taqdim etadi.

Guvohnomani esa fuqarolar istalgan vaqtda murojaatlariga asosan FHDYo bo`limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

“To`maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari tashkil qilinadi

Yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo`lmagan, umumiy o`rta yoki o`rta maxsus ma`lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko`ngilli asosda jalb qilish orqali “To`maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalarida o`qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog`liq masalalarni aniqlashda ko`maklashish hisoblanadi.

Vafot etgan harbiylar oilalariga qo`shimcha imtiyozlar beriladi

Halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta`lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo`shimcha kvotalar bo`yicha ta`lim olishi ta`minlanadi.

Halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo`l va havo transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Qishloq xo`jaligi sohasida subsidiya berish axborotlashtiriladi

Qishloq xo`jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

“Yashil sertifikatlar” tizimi ishga tushadi

O`zbekistonda mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiyaga ta`sirni cheklash bo`yicha talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.

Ayrim tartib va cheklovlar bekor qilinadi

Mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta`minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo`l qo`ymaslik maqsadida quyidagilar bekor qilinadi:

to`lov xizmatlarini ko`rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o`rtasida pul o`tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko`rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;

chakana savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarining faoliyat ko`rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.

O`zbekistonda alkogol mahsulotlarining narxi oshadi

Qaror bilan alkogol mahsulotlari (pivodan tashqari) uchun yangilangan eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlar belgilanmoqda:

  • vino – 14 400 so`m va 16 400 so`m (avval 12 000 so`m va 14 200 so`m);
  • konyak – 57 400 so`m va 66 000 so`m (ilgari 48 200 so`m va 57 800 so`m);
  • aroq va boshqa alkogol mahsulotlari – 37 000 so`m va 43 000 so`m (ilgari 30 200 so`m va 36 200 so`m).

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1