1

Shavkat Mirziyoev Cho`lponota shahrida Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi

Siyosat 02.06.2023, 13:44
Shavkat Mirziyoev Cho`lponota shahrida Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi

2 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Cho`lponota shahriga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo va Evropa Ittifoqi etakchilarining ikkinchi sammiti doirasida Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashuv o`tkazdi.

O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqaviy formatda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalarning keng doirasi ko`rib chiqildi.

Evrokengash Prezidenti Sharl Mishel davlatimiz rahbarini Konstitusiya bo`yicha referendumning natijalari bilan samimiy qutlab, Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlar dasturini to`liq qo`llab-quvvatlashini bildirdi hamda bo`lajak muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

Tomonlar 2022 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o`tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarda yuqori sur`at kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu davrda O`zbekistonda Mintaqaviy o`zaro bog`liqlik bo`yicha birinchi konferensiya, navbatdagi Fuqarolik jamiyati forumi hamda Evropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig`ilishi muvaffaqiyatli o`tkazildi.

O`zbekistonning EI davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 70 foizga oshdi. Evropaning etakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlaridagi investisiya loyihalari portfeli 20 milliard evrodan ortdi.

O`zbekiston va EI etakchilari ikki tomonlama savdoni diversifikasiya qilish va hajmini oshirish, “GSP+” imtiyozli savdo tizimining amal qilish muddatini uzaytirish, samarali transport yo`nalishlari, eng avvalo, Transkaspiy tranzit yo`lagini rivojlantirish, “yashil” energetika, innovasiyalar va yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, ekologiya, ta`lim, turizm va boshqa sohalarda qo`shma dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida to`xtaldilar.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Afg`oniston bo`yicha maslahatlashuvlarni va ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1