Toshkent shahri, Yangihayot tumani, “Qipchoq” ko`chasida qurilayotgan er usti metrosining 14-bekati hududida jamoatchilik eshituvi bo`lib o`tdi. Maqsad ushbu qurilishning atrof-muhitga salbiy ta`sirini kamaytirishga qaratildi.

Ma`lumki, bugungi kunda Sergeli va Yangihayot tumanlari hududidagi er usti halqa metro liniyalari qurilish ishlarining 2-bosqichi amalga oshirilmoqda. Qurilish ostiga umumiy miqdorda 17 ta daraxt tushgan. “O`zbekiston temir yo`llari” AJ kapital qurilish direksiyasi bu daraxtlarni saqlab qolish va qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa joyga ko`chirib o`tqazish maqsadida vakolatli organ – Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligining Toshkent shahar boshqarmasiga murojaat qilgan.
Murojaatni o`rganish jarayonida qurilish ostiga shumtol, chinor, yong`oq kabi daraxtlar tushgani aniqlandi. Ularni ko`chirish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida bu ishga ekologlar, O`rmon xo`jaligi agentligi mutaxassis va olimlari jalb etildi.
Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga muvofiq, agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda har bir ko`chirilgan daraxt o`rniga metroning obodonlashtirish qismiga 10 tup ko`chat (qimmatligi jihatidan kam bo`lmagan) ekish hamda ularni ikki yil davomida parvarish qilish bo`yicha ko`rsatma berildi. Ko`chirib o`tqazilgan daraxtlar qurib qolgan taqdirda har bir qurigan daraxt o`rniga qiymati kam bo`lmagan 100 tup daraxt ko`chatini ekish va uch yil davomida parvarish qilish, shu bilan birga, etkazilgan zararni qoplash shartlari qo`yildi.
Tadbirda qurilish kechayotgan hududga tutash manzilda yashovchi mahalliy aholi, ekofaollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Ekologiya vazirining birinchi o`rinbosari Obidjon Qudratov, Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog`omov so`zga chiqishdi. Shundan so`ng “Max Processing” MChJ vakili Tatyana Yugay “Daraxtlarni ko`chirib o`tqazish metodikasi” mavzusida taqdimot qildi.
Bundan tashqari, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ kapital qurilish direksiyasi boshlig`i o`rinbosari Aziz Abdiev metro liniyalari qurilishining ijtimoiy ahamiyati va loyiha haqida batafsil ma`lumot berdi. Uning ma`lumotlariga ko`ra, metro yo`lining ishga tushishi natijasida Qo`yliq-Sergeli yo`nalishida kunlik harakatlanayotgan avtomobillar soni 32 mingtaga qisqaradi. Avtomobilda yoqilg`i sarfi 38,5 ming litrga kamayadi. Muhimi, atrof-muhitga avtomobil transportidan ajraladigan zararli gazlar kunlik 3,7 tonnaga kamayadi.
Yo`lovchilarning ushbu yo`nalish bo`yicha manzilga etib olish vaqti 30 daqiqaga tejaladi. Toshkent halqa avtomobil yo`lining “Qo`yliq-Sergeli” yo`nalishida yo`lovchi transport oqimi 12 foizga kamayadi.
Aholi infratuzilmaviy qulayliklarni inobatga olib, daraxtlarni Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, “Sergeli" mahallasiga ko`chirib o`tkazishga rozi bo`ldi. Shuningdek, “Qipchoq” ko`chasida qurilayotgan er usti metrosi hududida ham yashil hudud barpo qilinadi.






