Tehron shahridagi “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari Eron Prezidentiga ushbu mamlakatga tashrif bilan kelish taklifi hamda O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko`rib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratishlari ta`kidlandi.
Prezidentlar o`zaro savdo hajmini oshirish, transport va logistika sohasida hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyoni Eron bilan bog`lovchi eng qisqa transport-logistika yo`laklaridan foydalanishga alohida e`tibor qaratildi.
Energetika, kimyo sanoati, farmasevtika va tibbiyot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, to`qimachilik, sanoat qurilish materiallari, mashinasozlik, uskunasozlik va elektrotexnika tarmoqlarida qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish choralari ko`rib chiqildi.
Agrar yo`nalishda issiqxonalar tashkil etish, qishloq xo`jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bog`dorchilik va baliqchilikda, qurg`oqchilikka chidamli ekin turlarini seleksiya qilishda tajriba almashish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniy, ilmiy-innovasiyaviy aloqalarni kengaytirishga intilishini qayd etdilar. Ikki mamlakat hukumatlari ishbilarmonlar va olimlar o`rtasidagi muloqotlarni rivojlantirishga ko`maklashishi ta`kidlandi.
Xalqaro terrorizm, narkotrafik, kiberterrorchilik, odam savdosi kabi global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda tomonlarning sa`y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko`maklashish masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko`p tomonlama hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta`kidlandi.