Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash to`g`risida Qo`shma bayonotni imzoladilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.
Hukumatlar o`rtasidagi imtiyozli savdo to`g`risidagi bitim, O`zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Eron Milliy standart tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik dasturi, Texnologiyalar va innovasiyalar sohasida hamkorlik bo`yicha Harakatlar rejasi shular jumlasidan.
Qo`shma erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, farmasevtika, transport va tranzit sohalarida hamkorlik to`g`risida memorandumlar qabul qilindi.
Shuningdek, Sport sohasida hamkorlik bo`yicha qo`shma chora-tadbirlar rejasi, Nizolarni hal etish va arbitraj to`g`risida anglashuv memorandumi, Qayta sug`urtalash sohasida hamkorlik bo`yicha fakultativ bitim va boshqa hujjatlar ham imzolandi.