AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Tehron shahrida innovasiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasiga tashrif buyurdi

'Shavkat Mirziyoev Tehron shahrida innovasiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasiga tashrif buyurdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Tehron shahrida innovasiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan ko`rgazmasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qildi.

Ko`rgazmada Eronning yirik ilm-fan va ishlab chiqarish kompaniyalarining yuqori texnologiyalar va innovasiyalar, mashinasozlik, uskunasozlik, tibbiy texnika, farmasevtika, zamonaviy qurilish materiallari, to`qimachilik tarmoqlaridagi mahsulotlari taqdim etilgan.  

O`zbekiston etakchisi kompaniyalarning stendlarini ko`zdan kechirdi. Eron sanoatchilari turli turbinalar, dori vositalari va ularning ingredientlari, tibbiy uskunalar, neft katalizatorlari va sun`iy matolar borasidagi eng yangi ishlanmalarini namoyish etdi.

Davlatimiz rahbari kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologiyalarning taqdimotlari bilan tanishdi. Ko`rgazma bilan tanishuv yakunida o`zbekistonlik mutasaddilarga eronlik tadbirkorlar bilan birgalikda yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, mamlakatimizda Eron texnologiyalari va innovasion echimlarini joriy qilish bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganish topshirildi.

Ta`kidlash joizki, Toshkent shahrida Eron innovasiyalar va texnologiyalar uyining (IHIT) filiali ochildi. Uning faoliyati innovasion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar transferi sohasida mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar