AsosiySiyosat

Saylovning eng muhim tamoyili – oshkoralik

'Saylovning eng muhim tamoyili – oshkoralik'ning rasmi

Har qanday demokratik-huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo`lgan saylovning eng muhim tamoyili – oshkorolik va ochiqlikdir. Saylov jarayonida siyosiy partiyalar va o`zini o`zi boshqarish institutlari vakillarining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi esa, saylovning qonuniy va shaffof o`tkazilishi shartlaridan biridir. 

So`nggi yillarda O`zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonida katta yutuqlarga erishilgani, saylov qonunchiligida amalga oshirilgan qator islohotlar natijasida mazkur jarayonlarning ochiq va oshkora o`tkazilishi ta`minlamoqda.

Xususan, saylovlarni tashkil etish va o`tkazish borasidagi xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-bobi va “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to`g`risidagi nizomi”da kuzatuvchilarining quyidagi huquqlari va majburiyatlari belgilangan.

Masalan, kuzatuvchi:

  •  saylovga qadar bo`lgan barcha jarayonlarda saylov komissiyalarining majlislarida qatnashadi va nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etadi;
  •  saylov uchastkasida o`z vaqtida hozir bo`ladi, yashirin ovoz berish uchun tayyorlangan xonalarni, saylov qutilarining muhrlanishini, muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish vaqti, joyi haqida xabardor bo`ladi va matbuot uchun yaratilgan sharoitlarni kuzatadi; 
  •  ovoz berishning o`z vaqtida boshlanishini, fuqarolarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida bittadan saylov byulletenlarining berilishini, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshiradi;
  •  ovoz berishning shafof borishini va uning o`z vaqtida yakunlanishini kuzatadi; 
  •  ovozlarni sanashda qatnashadi va saylov natijalari to`g`risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko`chirma nusxalarini so`rash va olish, kuzatuv olib borish huquqiga ega.

Shu bilan bir qatorda,kuzatuvchisaylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo`l qo`yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo`lsa, o`z kuzatuvlari to`g`risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a`zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma`lum qiladi.

Kuzatuvchiga ma`lum taqiqlar ham mavjud. 

Jumladan, ular qatoriga:

  •  saylovchi saylov byulleteniga o`z belgisini qo`yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo`lish; 
  •  saylovchilarga ta`sir o`tkazish;
  •  biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish; 
  •  saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo`yishda biron-bir tarzda yordam ko`rsatish; 
  •  uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish; 
  •  saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so`rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o`tkazilayotgan saylov bilan bog`liq boshqa tadqiqotlarni e`lon qilish kabilar kiradi. 

Eng muhimi, kuzatuvchi o`z faoliyatida barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda o`z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda o`z xulosalarini haqqoniy materiallar bilan asoslashi shart.

Yuqorida qayd etilgan shart va talablar saylovning oshkoraligi va qonuniyligini ta`minlashi bilan ahamiyatlidir. 

Sayfiddin Jo`raev,
 Siyosatshunoslik fanlari doktori,
Toshkent davlat sharqshunoslik Universiteti professori.

    Boshqa yangiliklar