AsosiySiyosat

Senat O`zbekiston-Qozog`iston Davlat chegarasini demarkasiya qilish to`g`risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma`qulladi

'Senat O`zbekiston-Qozog`iston Davlat chegarasini demarkasiya qilish to`g`risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqidagi Qonunni ma`qulladi'ning rasmi

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida O`zbekiston – Qozog`iston Davlat chegarasini demarkasiya qilish to`g`risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Muhokama chog`ida senatorlar O`zbekiston va Qozog`iston eng yaqin qo`shnilar va vaqt sinovidan o`tgan strategik sheriklar ekanini ta`kidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o`rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda.

Hujjat O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo`mart To`qaev tomonidan uning 2022 yil 21 dekabr kuni mamlakatimizga davlat tashrifi chog`ida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega ekani alohida ta`kidlandi.

Shartnomaga ko`ra O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi Davlat chegarasining demarkasiya qilingan chizig`i uzunligi 2 356  kilometrdan ortiqdir.

Shartnoma bilan O`zbekiston-Qozog`iston Davlat chegarasini belgilash bo`yicha ishlar to`liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta`minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

Shartnomaning ratifikasiya qilinishi O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar