Bugun, 28 iyundan O`zbekiston prezidentligiga nomzodlar uchun muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi. Bugun Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan dam olish kuni bo`lganligi uchun respublika bo`ylab saylov uchastkalari soat 11:00 dan muddatidan oldin ovoz berish uchun ochildi.
Saylov kodeksining 57-moddasida muddatidan oldin ovoz berish tartiblari ifodalangan bo`lib, saylov kuni o`z yashash joyida bo`lish imkoniyatiga ega bo`lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o`n kun qolganida boshlanib, saylovga uch kun qolganida tugallanadi.
Qonunchilikka ko`ra, muddatidan oldin ovoz berishni o`tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e`tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali etkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo`la olmasligining sabablari (ta`til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko`rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi.
Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a`zosi hozirligida saylovchilar ro`yxatiga imzo qo`yadi.
Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida yashirin ovoz berish tamoyillariga to`liq amal qilinadi. Jumladan, saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to`ldiriladi va yopiq konvertda qoldiriladi. Konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning elimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a`zosi imzolari qo`yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Saylov kuni ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o`rinbosari komissiya a`zolari bilan birgalikda muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi. Shu tariqa muddatidan oldin ovoz berish natijalari yakuniy sanoq jarayoniga qo`shiladi.
Eslatib o`tamiz, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 2023 yil 5 iyul kuni yakunlanadi.






