Joriy yilning 15 iyun kuni Farg`ona viloyati Dang`ara tumanidagi "Said Ahmad" jome masjidiga peshin namozini o`qish uchun kirgan ikki nafar erkak o`rtasida o`zaro janjal yuzaga kelgan.
Og`zaki janjaldan so`ng masjid tahoratxonasiga kirgan 39 yoshli erkakning ortidan kirgan sherigi, yonida bo`lgan pichoq bilan uning bosh, bo`yin va qorin qismlariga bir necha bor urib, unga og`ir tan jarohati etkazadi. Shundan so`ng u masjid yonida joylashgan "Navbahor" fuqarolar yig`ini mas`ullari yoniga yugurib kirib, bo`lgan voqeani ularga aytib bergan.
Jabrlanuvchi darhol tuman shifoxonasiga olib borilgan. Tezkor operasiya natijasida bemorning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, jinoyatchi qo`lga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






