1

Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirishning huquqiy asoslari shakllantirildi

Jamiyat 15.10.2016, 11:40
Teglar: Saylov
Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirishning huquqiy asoslari shakllantirildi

Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhasini demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bugun ular aholining ishonchini qozonib, keng qo`llab-quvvatlanmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, respublikamizda siyosiy partiyalarning huquqiy asoslari shakllantirildi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 56-moddasida siyosiy partiyalar jamoat birlashmasi sifatida e`tirof etilgan bo`lsa, 58-moddasida davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek, jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo`l qo`yilmasligi belgilandi.

1996 yil 26 dekabrda O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonuni qabul qilinib, unda siyosiy partiya tushunchasi, faoliyatining huquqiy asoslari, faoliyat ko`rsatish prinsiplari, huquqlari hamda ular faoliyatiga tegishli bo`lgan boshqa normalar belgilandi. 2007 yil aprelida “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizasiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun imzolandi.

Siyosiy partiyalar jamiyatdagi va siyosiy munosabatlardagi funksiyalarini to`la bajarishida 2004 yil 30 aprelda qabul qilingan “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi Qonun alohida o`rin tutadi.

Qonunda siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari partiyaga kirish va a`zolik badallari (agar siyosiy partiya ustavida bunday badallarni to`lash nazarda tutilgan bo`lsa), qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar, O`zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan beriladigan xayriya yordamidan iborat bo`lishi belgilandi.

Ushbu moliyalashtirish manbalari orasida davlat tomonidan moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirishni uch qismga bo`lish mumkin.

Birinchisi, siyosiy partiyalarning ustavida nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish bilan bog`liq. Bu quyidagicha amalga oshiriladi. Partiya saylov yakunlari bo`yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiya fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o`rinlarini olgan bo`lsa, o`zining ustavida nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag`larini olish huquqiga ega bo`ladi. Shuningdek, partiyaning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`larining yillik hajmi shu mablag`larni ajratish mo`ljallanayotgan yildan oldingi yilning 1 yanvaridagi holatga ko`ra belgilangan eng kam ish haqining ikki foizini Qonunchilik palatasiga o`tkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar ro`yxatiga kiritilgan fuqarolar soniga ko`paytmasi miqdorida shakllantiriladi.

Ikkinchisi, partiyaning Qonunchilik palatasiga va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga saylovda ishtirok etishini davlat tomonidan moliyalashtirish bilan bog`liqdir. Partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda qatnashishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`lari shu partiyadan Qonunchilik palatasi deputatligiga ko`rsatilgan nomzodlar O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olingandan keyin ro`yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag`iga belgilangan tartibda o`tkaziladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, partiyalarning Qonunchilik palatasiga va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi hamda partiyalarni saylovda boshqa mablag`lar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan o`zgacha tarzda qo`llab-quvvatlash qonun bilan taqiqlanadi.

Qonunchilik palatasiga saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag`lari siyosiy partiya tomonidan saylov-oldi ko`rgazmali tashviqot vositalarini nashr qilishga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning televidenie, radio orqali va boshqa ommaviy axborot vositalarida chiqishlari, saylovchilar bilan uchrashuvlari, ularning ishonchli vakillari va bevosita saylov okrugida saylovoldi tashviqotini o`tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etish hamda saylov kampaniyasini o`tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi.

Uchinchisi, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni qamrab oladi. Bunda fraksiyalarning faoliyatini tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa tarzda ta`minlash uchun ajratiladigan davlat mablag`lari Qonunchilik palatasining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.

Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalaridan yana biri bu partiyalarga beriladigan xayriya yordamidir. Qonunga ko`ra, partiya xayriya yordamini faqat O`zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (chet el investisiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno) va fuqarolaridan pul shaklida hamda mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tarzida va faqat ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun olish huquqiga ega.

Qonunda partiyalarga xayriya yordami berishda ma`lum bir cheklashlar mavjud. Xususan, partiyalarga chet davlatlar, chet davlatlarning yuridik shaxslari, ularning vakolatxonalari va filiallari, xalqaro tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari, chet el investisiyalari ishtirokidagi korxonalar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslardan pul mablag`lari shaklidagi, mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tariqasidagi xayriya yordami berilishiga yo`l qo`yilmaydi.

Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, diniy tashkilotlar va nomi yashirilgan yoki faqat taxallusi ko`rsatilgan shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarga pul mablag`lari shaklida, mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tarzida xayriya yordami berilishiga ham yo`l qo`yilmaydi.

O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi Qonuniga muvofiq, siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag`larini olish va ulardan foydalanish tartibini belgilash maqsadida 2005 yil 16 martda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan qonunda belgilangan normalarning mexanizmi kengroq ochib berilgan.

Yurtimizda ushbu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar partiyalar faoliyatini moliyalashtirishning davlat kafolatlarini yaratib, ularning barqaror iqtisodiy manbalari belgilanishiga olib keldi. Xalqaro andozalarga javob beradigan bunday amaliyot partiyalarning dasturiy faoliyati samaradorligi oshishida, ular o`rtasidagi sog`lom raqobat muhiti rivojlanishida yangi imkoniyatlar ochib berdi.

Davronbek OLIMOV,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti etakchi ilmiy xodimi.

Sharhlar

Turkiyada muxolifat Erdo`g`onning partiyasini mag`lub etdi

01.04.2024, 09:13

Avval xabar qilganimizdek, yakshanba kuni Turkiyada mahalliy hokimiyatlarga saylovlar bo`lib o`tdi. Bayonnomalarning 93 foiz sanab chiqilganda, Respublika xalq partiyasi 37,4 foiz, hukmron Adolat va taraqqiyot...
Shavkat Mirziyoev Putinni saylovdagi g`alabasi bilan tabrikladi

18.03.2024, 10:51

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinni bo`lib o`tgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g`alabasi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar...
Angolada prezidentlik saylovida Joau Lourenso 51.08 foiz, muxolifatchi Adalberto Kosta Junior 44.05 foiz ovoz to`pladi

26.08.2022, 10:19

24 avgust kuni Angolada prezidentlik hamda parlament saylovlari bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi. Ma`lum qilinishicha, Angolada parlament saylovi 2 xil tarzda...
Xalqaro “Media-xoll”: shaffoflik, xolislik va tezkorlik

15.10.2021, 19:31

O`zbekiston Elektron Ommaviy axborot vositalari milliy asossiasiyasi boshqaruv raisi Firdavs Abduholiqov tashkil etilgan “Media xoll” haqida quyidagilarni so`zlab berdi:—   14 oktyabr kuni O`zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1