1

Evropaliklarni hayratga solgan abrli matolarining siri nimada?

Madaniyat 25.07.2023, 21:10
Evropaliklarni hayratga solgan abrli matolarining siri nimada?

Abrli matolar (xorijda ikat deb nomlanadi) o`zbek to`qimachilik gazlamalarining dunyodagi eng taniqli qismi bo`lsa ajab emas.

Ularning maftunkorligi – g`aroyib jim-jimador naqshlarida, turfa jilvalanuvchi va bir-biridan keskin farq qiluvchi ranglarning yorqin birikmasida. Ranglar birikadigan joylarda ularning bir-biriga singib ketayotgandek ko`rinishi jilolanish ta`sirini kuchaytiradi.

Bunday taassurotga bo`yashning zahira uslubidan foydalanish orqali erishiladi, unda bo`lg`usi mato iplari bo`yoqli idishga botirilishidan oldin muayyan joylaridan tang`ib bog`lanadi. Bog`langan qismlar bo`yalmay qoladi. Bu jarayon turli bo`yoqlardan foydalangan holda, bir necha bosqichda takrorlangach, rang-barang gulli naqsh olinadi. Bitta bo`yalgan joyning boshqasidan germetik ajratib olishning iloji yo`qligi bo`yoqlarning o`ziga xos oqib tushishiga sabab bo`ladi, bu esa mazkur matolar ko`rinishiga antiqa badiiy ifoda beradi.

O`zbekistonda bo`yashning bu usuli abrbandi            (”bog`langan bulut”) va bu usulni qo`llash orqali yaratilgan matolar abrli (”bulutli”) deb nomlanadi. Ulardagi naqshlar ertalabki osmon uzra suzib yurgan va tog` daryolarining suvlarida aks etayotgan pasimon bulutlarga o`xshaydi.

Zahira uslubidan O`rta va Janubi-Sharqiy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Yaqin Sharq, G`arbiy Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi qo`plab xalqlar to`qimachiligida foydalanilgan. Biroq aynan O`zbekistonda abrli bo`yash uslubida yaratilgan shoyi va paxta gazlamalari milliy madaniyatning o`ziga xos ramziga aylangan. 

Dunyo ushbu ajoyib matolar haqida XIX asrning boshlaridayoq, bu mintaqadan turli xil buyumlarni, shu jumladan antiqa buyumlarni chet ellarga chiqarishni yo`lga qo`ygan savdogarlar tufayli bilib oldi.

Abrli matolar milliylikdan xoli va uyg`unlashgan madaniy hodisa bo`lgan. Evropaliklar Turkistonga kelgach, umrbod shu matolar shaydosi bo`lib qolaverishgan. Ularni kolleksiya sifatida to`plash davri shu tariqa boshlangan. Ushbu matolar jozibadorligi ularning ommaviy ravishda chet elga olib chiqilishiga yo`l ochdi, oqibatda bugun dunyoning xususiy va muzey to`plamlari mashhur kolleksiyalarga ega bo`ldi. G`arb dunyosining Sharq san`ati rang-barangligi bilan tanishuvi Evropa badiiy madaniyatida o`z ifodasini topmasligi mumkin emas edi, abrli matolar uning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi.                             

Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1