AsosiyJamiyat

Jamoaviy mehnat nizolarini ko`rib chiqish uchun mehnat arbitraji faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

'Jamoaviy mehnat nizolarini ko`rib chiqish uchun mehnat arbitraji faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi'ning rasmi

Doimiy asosda faoliyat ko`rsatuvchi mehnat arbitraji to`g`risidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi (ro`yxat raqami 3449, 26.07.2023 y.) Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Namunaviy nizomga ko`ra, jamoaviy mehnat nizosi (nizo) quyidagi holatlarda mehnat arbitrajida ko`rib chiqilishi mumkin:

  •  nizo mediator tomonidan ko`rib chiqilib tomonlar kelishuvga erisha olmaganda;
  •  nizoni mediator tomonidan ko`rib chiqishda tomonlar mediator nomzodi bo`yicha kelishuvga erishish muddati tugagan bo`lsa;
  •  taraflar nizoni mediator bilan hal etishni rad etsa.

Mehnat arbitraji respublika darajasida 7 nafar, tarmoq darajasida
5 nafar hamda boshlang`ichva hududiy darajada 3 nafar arbitrni o`z ichiga oladi.

Arbitrlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari orasidan shakllantiriladi.

Arbitrlar oliy ma`lumotga hamda mehnat sohasida kamida 3 yillik stajga ega bo`lishi kerak.

Arbitrlar nizoni hal etishga jalb qilinganda o`rtacha ish haqi saqlab qolinib asosiy ishidan ozod qilinadi.

Taraflar mehnat arbitrajiga ariza berishdan avval arbitraj qarorlarini bajarish majburiyligi to`g`risidagi shartni o`z ichiga olgan kelishuv tuzadi. 

Mehnat arbitraji nizoni quyidagi muddatlarda ko`rib chiqadi:

boshlang`ich va hududiy darajada – 5 ish kunigacha;

respublika va tarmoq darajasida – 10 ish kunigacha.

Mehnat arbitraji nizo bo`yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

taraflar nizoni hal qilish bo`yicha kelishuvga erishganligi to`g`risida;

taraflardan biri nizo bo`yicha talabdan voz kechganligi to`g`risida;

nizoni taraflardan birining foydasiga hal qilish to`g`risida.

Mehnat arbitraji qarori taraflar uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.

Ma`lumot uchun: mehnat arbitraji – yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar o`rtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat ko`rsatuvchi organ.

    Boshqa yangiliklar