1

Prezident temir yo`l transporti xodimlariga tabrik yo`lladi

Siyosat 05.08.2023, 09:39
Prezident temir yo`l transporti xodimlariga tabrik yo`lladi

Prezident Shavkat Mirziyoevning temir yo`l transporti xodimlariga tabrik yo`lladi.

"Avvalo, sizlarni – zahmatkash ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislarni, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini Temir yo`l transporti xodimlari kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.

Yangi O`zbekistonni – jadal rivojlanib, dunyoga yuz tutayotgan davlat va jamiyatni barpo etishda siz, azizlarning o`rningiz va hissangiz beqiyos ekanini barchamiz minnatdorlik bilan e`tirof etamiz.

Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida nishonlanayotgan ushbu qutlug` ayyomda O`zbekiston temir yo`llari istiqlol davrida katta rivojlanish yo`lini bosib o`tganini ta`kidlashimiz tabiiydir.

Bu davrda 2 ming 400 kilometrdan ko`proq yangi temir yo`llar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyod yo`llar elektrlashtirildi, 1 ming 100 kilometrdan ortig`i esa reabilitasiya qilindi.

Hech shubhasiz, temir yo`l tarmoqlarining kengayib borayotgani barcha hududlarimizni o`zaro mutanosib rivojlantirish, boy mineral xomashyo resurslarini kompleks o`zlashtirishda yangi-yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Buni “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan buyon yuk va yo`lovchi tashish hajmi 2 barobardan ziyod ko`paygani, 1,6 milliard tonna yuk tashilib, 380 million nafar yo`lovchi manzilga etkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Sizlar kabi minglab fidoyi yurtdoshlarimizning mas`uliyatli mehnati tufayli mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega bo`lgan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini to`liq ta`minlay oladigan yaxlit temir yo`l tizimi barpo etilib, respublikamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog`lab kelmoqda.

Hozirgi kunda yurtimiz zamonaviy transport kommunikasiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo`lgan davlat sifatida Sharq va G`arb, Janub va Shimolni o`zaro bog`laydigan xalqaro temir yo`llarning muhim halqasiga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnayotgan zamonaviy “Afrosiyob” elektropoezdlari milliy temir yo`l transportimizning brendiga aylandi. Nasib etsa, kelgusi yilda Buxoro – Xiva yo`nalishida ham yuqori tezlikda harakatlanadigan yo`lovchi poezdlari qatnovini yo`lga qo`yamiz. Bu esa aholimiz uchun har tomonlama qulaylik yaratish bilan birga, turizm sohasi rivojini yangi bosqichga ko`tarishga xizmat qiladi.

O`zbekiston temir yo`lchilari aeroportlar, metro liniyalari, ko`prik va yo`l o`tkazgichlar qurish, konlarni o`zlashtirish borasida ham muhim strategik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib temir yo`l sohasida o`zining og`ir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ega bo`ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yirik sanoat korxonalari barpo etilib, vagon ishlab chiqarish, lokomotivlar, yuk va yo`lovchi vagonlarini modernizasiya qilish va ta`mirlash yo`lga qo`yildi.

Eng muhimi, sohada amalga oshirilayotgan murakkab boshqaruv va texnologik ishlarning barchasi o`zimizning mahalliy mutaxassislarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz tomonidan bajarilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ushbu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar insonlarga o`z nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur bildiraman.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mamlakatimiz temir yo`l tizimini modernizasiya qilish, sohaga xorijiy investisiyalarni keng jalb etgan holda yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali ko`p ish qilishimiz kerakligini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

O`tgan davrda katta bilim va tajriba orttirgan temir yo`l sohasi xodimlari o`zlarining mardona mehnati, bunyodkorlik salohiyati bilan oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etadilar, deb ishonaman. Bu maqsadlarga erishish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratib berilishini alohida ta`kidlamoqchiman.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxt va qut-baraka tilayman", - deyiladi yo`llangan tabrikda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1