Telegram`dagi Eltuz kanalida Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 28-maktabda o`qituvchilar maktabni tozalash ishlariga jalb qilingani haqida xabar berildi.
Unda xodimlar muassasa direktori Nafisa Abdrimovaning topshirig`i bilan ishga chaqirilgani haqida so`z borgan. Xabar viloyat Kambag`allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o`rganildi va o`z tasdig`ini topdi.
Tashkilot rahbari xodimlarni Mehnat kodeksining 115-moddasi (Ish vaqtining normal muddati)ga zid ravishda mehnat shartnomasida ko`rsatilmagan, o`z xizmat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgani aniqlandi.
Shu sababli unga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi (Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma`muriy jarima qo`llandi. Bunda jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so`m)ning 5 baravaridan 10 baravarigacha etib ko`rsatilgan.






