1

Shavkat Mirziyoev va Ilhom Alievning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi

Siyosat 22.08.2023, 22:16
Shavkat Mirziyoev va Ilhom Alievning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi

«Zug`ulba» qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi hamda O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Etakchilar O`zbekiston bilan Ozarbayjon o`rtasidagi ko`p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar o`rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur`atda oshib bormoqda. Qo`shma korxonalar soni 4 barobar ko`paydi.

Ozarbayjonda O`zbekiston avtomobillarini yig`ish, ipakchilik va to`qimachilik klasterlari tashkil etilgani samarali hamkorlikka misol bo`la oladi.

Tashrif arafasida o`tkazilgan biznes forumi natijasida yangi kooperasiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli to`plami shakllantirildi.

O`zbekiston va Ozarbayjon etakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo`jaligi, foydali qazilmalar, to`qimachilik, ipakchilik, farmasevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperasiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Qo`shma loyihalarni qo`llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida O`zbekiston-Ozarbayjon investisiya kompaniyasining samarali faoliyatini ta`minlash muhimligi qayd etildi.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. O`rta koridor orqali yuk tashishni ko`paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperasiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta`lim va fan sohasida qo`shma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida sa`y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko`p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o`zaro qo`llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1