AsosiyJamiyat

InsuResilience Solutions Fund O`zbekistonda bog`dorchilik va sabzavotchilikni sug`urtalashni moliyalashtirmoqchi

'InsuResilience Solutions Fund O`zbekistonda bog`dorchilik va sabzavotchilikni sug`urtalashni moliyalashtirmoqchi'ning rasmi

InsuResilience Solutions Fund (ISF) xalqaro jamg`armasi O`zbekistonda bog`dorchilik va sabzavotchilik mahsulotlarini etishtirishda iqlim bilan bog`liq xavf-xatarlardan himoya qilish bo`yicha sug`urta mahsulotlarini yaratish va joriy etishni moliyalashtirmoqda.

Mazkur loyiha Sug`urtani rivojlantirish forumi (Sug‘urtani rivojlantirish forumi (IDF) a`zolari, BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi, O`zbekiston Hukumati va mahalliy sug`urta kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Xususan, bog`bonlarni iqlim o`zgarishi bilan bog`liq xavf-xatar va tabiiy ofat oqibatlaridan himoya qilish maqsadida Sug`urtani rivojlantirish forumining (IDF) ikki a`zosi hisoblangan dunyodagi etakchi Europa Re va Swiss Re qayta sug`urta kompaniyalari hamda ikkita mahalliy sug`urta kompaniyalaridan biri bo`lmish “O`zagrosug`urta” AJ bilan o`zbek fermer xo`jaliklari uchun qishloq xo`jaligi sug`urtasi mahsulotini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.

BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi yordamida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo`jaligi vazirligi ushbu loyihaning amalga oshirilishida yaqindan hamkorlik qiladi.

InsuResilience Solutions Fund (ISF)  mazkur loyihani hamkorlikda moliyalashtiradi va mamlakatimiz bo`ylab iqtisodiy o`sish va salohiyatni oshirishga yordam beradi. Ushbu loyiha Germaniya hukumati, Sug`urtani rivojlantirish forumi (IDF) va BMT Taraqqiyot dasturi o`rtasida davlat-xususiy sherikligi asosida Global uch tomonlama imzolangan shartnomaga muvofiq iqlim o`zgarishi kuzatiladigan mamlakatlar uchun xavflarni boshqarishning echimlarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan.

Loyihaning dastlabki yilida sug`urta mahsulotlari Farg`ona, Namangan va Andijon viloyatlarida sinovdan o`tkaziladi. Kelgusi yillarda meva-sabzavotlarning qo`shimcha turlarini qo`shish hisobiga loyiha qamrovi kengaytiriladi.

Dehqon va fermerlarning zararlarini qoplashga asoslangan ushbu loyiha asosida malakali mutaxassislar tomonidan haqiqiy hosil yo`qotishlari baholanib, sug`urta tovonlari to`lab boriladi. Ushbu yondashuv fermerlar bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqot qilish, mamlakatimizda sug`urta bozorini rivojlantirish hamda qishloq xo`jaligi ekinlarini xavf-xatarlardan himoyalash borasidagi bilim va ko`nikmalarni boyitishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar