1

Husayn Boyqaro suvrati aks etgan yana bir miniatyura aniqlandi

Madaniyat 31.08.2023, 13:48
Husayn Boyqaro suvrati aks etgan yana bir miniatyura aniqlandi

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati tadqiqotchilari tomonidan buyuk temuriy hukmdor va shoir, fan va madaniyat homiysi Sulton Husayn Boyqaroning suvrati aks etgan yana bir miniatyura aniqlandi. 

U  ayni paytda AQShning  Vashington shahridagi Osiyo san`ati Milliy muzeyida № LTS1995.2.26 inventar raqami ostida saqlanmoqda. Miniatyura shartli ravishda “Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi” deb nomlanadi. Mazkur asar Mansur Musavvir tomonidan 1469 yilda chizilgani taxmin qilinmoqda. 

   Xabaringiz bor,so`nggiyillardaasriyan`analarimiz, tarixiymerosimiznixolisona o`rganishvatarg`ibetishgayondashuvyangibosqichgako`tarildi. Xususan, davlatimiz rahbari, muhtaramShavkatMirziyoevtashabbuslaribilanmadaniymerosimizni o`rganish, yoshlarimiznimilliyvaumuminsoniy qadriyatlarruhidatarbiyalashborasidakeng qarmovliishlaramalgaoshirilaboshladi. 

Bu borada nodavlat va jamoat tashkilotlari, ijtimoiy mas`uliyatga  ega tadbirkorlik sub`ektlari, homiy va hamkorlar ham yaqindan yordam berishmoqda. Shu o`rindaO`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati faoliyatini ham tilga olib o`tish o`rinlidir. Mazkur jamiyat tomonidan buyuk ajdodlarimiz, taniqli hukmdor va sarkardalar, olim va mutafakkirlarning Sharq miniatyura san`atidagi tasvirini aniqlash yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 

Joriy yilning  3-7 iyul kunlari O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda o`tkazilgan  “O`zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” madaniy tadbirlar haftaligi doirasida “O`zbekiston qo`lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar va voqealar” mavzusida ko`rgazma tashkil qilindi. Mazkur ko`rgazmada Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy singari 30 dan ortiq buyuk siymolar tasvirini o`z ichiga olgan miniatyuralar namoyish qiliindi. 

Ayni paytda Butunjahon jamiyati tomonidan “O`zbekiston qo`lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar va voqealar” mavzusidagi kitob-albom ham nashrga tayyorlanmoqda. Unda mamlakatimiz hududida hukmronlik qilgan sulolalar, adabiyot va san`at vakillari, sarkardalar, alloma va mutafakkirlarning Sharq miniatyuralaridagi obrazlari aks ettiriladi. O`zbek, rus va ingliz tillarida chiqadigan ushbu kitob-albomda  100 ga yaqin tarixiy shaxslarning 300 dan ortiq miniatyuralari tarixiy ma`lumotlar, tavsiflar bilan joylashtiriladi. 

Ular orasida Temuriylar sulolasining etuk vakili Husayn Boyqaro (1438-1506)ning miniatyuralardagi tasvirlari  ham o`rin olgan.   Sulton Husayn Boyqaro Amir Temurning evarasi bo`lib, 1438 yil iyul (hijriy 842 yil, muharram) oyida Hirotda dunyoga kelgan. Temuriy hukmdor sulton Abusaid Mirzo (1424-1469)ning Qorabog` yaqinidagi  halokatidan so`ng, 1469 yil 24 mart  kuni Xuroson taxtiga o`tirgan. Husayn Boyqaro mamlakatni 37 yilga yaqin boshqardi. Uning boshqaruvi davrida Xuroson Sharqning tinch va farovon o`lkalardan biriga aylandi. Bu ulug`vor o`zgarishlarda Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy singari mutafakkirlarning ham o`ziga xos o`rni bor edi. 

Buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o`zining “Boburnoma” asarida sulton Husayn Boyqaro haqida qimmatli fikrlarni bildiradi: «Sulton Husayn Mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hirot shaxri mamlu edi. Har kishiningkim bir ishga mashg`ullug`i bor erdi, himmati va g`arazi ul erdikim, ul ishni kamolg`a etgurgay».

Uning hukmdorlik davrida ilm-fan, adabiyot, arxitektura,  musiqa bilan birga  tasviriy san`at ham taraqqiy etgan. Mirak Naqqosh, Muhammad Darvesh, Kamoliddin Behzod singari rassomlar etishib chiqdi. Sharq adabiyotining o`nlab nodir durdonalar kitob qilinib, ularga xos miniatyuralar ishlandi. 

Musavvirlar o`z davrining madaniyat homiysi sifatida Husayn Boyqaro shaxsiga katta hurmat bilan qaraganlar va qo`lyozmalarda uning suvratlarini kiritishga, portretlarini yaratishga  harakat qilishgan. Bugungi kunda Husayn Boyqaroning suvrati aks etgan miniatyuralar dunyoning qator mamlakatlarida saqlanmoqda. 

Mazkur suvrat Husayn Boyqaroning  Xuroson mulkining qonuniy hukmdori sifatida saltanat taxtiga o`tirish jarayonini aks ettiradi.Hukmdorga toj kiydirish o`sha davrning barcha rasm-rusumlari, qonun-qoidalariga asosan  amalga oshiriladi. Uning nomi juma namozida xutbaga qo`shib o`qiladi. Buyuk o`zbek mutafakkiri Alisher Navoiy, o`z davrining buyuk allomasi Abdurrahmon Jomiy ham Husayn Boyqaroni bu olamshumul g`alaba bilan samimiy muborakbod etadilar. Mazkur miniatyurada ular qatorida yigirmaga yaqin mulozimlar, saroy a`yonlar, shoir va mutafakkirlar, xizmatkorlar tavsirlanganini ko`ramiz. 

Chamasi bu miniatyurada hukmdor hali taxtga o`tirishga ulgurmagan, shohsupada o`tirib,  ana shu jarayonga hozirlik ko`rmoqda. Miniatyuradagi shohsupa tepasida «La ilaha illollohu Muhammadur Rosululloh» (Allohdan boshqa iloh yo`q va Muhammad Uning rasulidir) kalimasi hamda Husayn Boyqaroni sharaflovchi quyidagi ikki misra forscha she`r bitilgan:

Ey toju taxtro ba vujudi tu iftixor, 

Sulton Husayn Shohi javonbaxtu komkor.

(Ya`ni, ey yosh va saodatli, qudratli podshoh Sulton Husayn, toju taxt ham sening vujuding bilan faxrlanadi)

Miniatyuraning o`ng burchagidagi imorat peshtoqida ham arab tilida “Ushbu oliy imorat buyuk qahramon va hukmdor.... hukmdorligi davrida....” qabilidagi chala ma`lumot bitilgan. Chamasa matnning boshi va oxiri devorning yon tomonlariga bitilgani uchun ma`no tugal anglashilmagan. 

Taxtda sipo kiyimda yosh hukmdor o`tiribdi. Uning o`ng tomonida, qo`lida ochilgan kitobni tutib turgan mo`ysafid o`z davrining etuk allomasi Abdurrahmon Jomiy bo`lishi mumkin. Chunki, ma`lumotlarga ko`ra bu paytda 55 yoshlardagi Jomiy Hirotda bo`lgan va taxt tepasiga yangi hukmdor kelishini xushnudlik bilan qarshilagan. Suratda Jomiy Sulton Husayn Boyqaro bilan yonma-yon tasvirlangani shoirning hukmdor nazdidagi mavqei qanchalik yuqori bo`lganidan darak beradi. 

Eng ichidagi qo`llarini qovushtirib shohsupaga boshqalardan ko`ra yaqinroqda turgan, qoramtir yaktak kiyigan, oq salla o`ragan 30 yoshlardagi yigit Alisher Navoiyga o`xshaydi. Navoiy qadrdon do`sti Sulton Husayn Boyqaroning g`alabasidan xabar topib, o`sha kunlarda Samarqanddan Hirotga etib borgan, hukmdorga atab, “Hiloliya” qasidasini bitgan edi. Unda shunday misralar bor: 

Shoh Abulg`oziy saodat axtari Sulton Husayn

Kim, quyoshni zarra der ko`rgan sipehri hashmatin, 

Hukmdorning chap tomonida yosh shahzoda Badiuzzamon Mirzo o`tiribdi. Shu paytda Sulton Husaynning to`ng`ich o`g`li Badiuzzamon 11-12 yoshlar atrofida bo`lgan. Uning yuzlari otasiga nihoyatda o`xshash ko`rinishda tasvirlangan. Badiuzzamonning boshidagi ramziy toj uning valiahd shahzoda ekanidan darak beradi. 

Ikki xizmatkor saltanat timsollari bo`lgan oltin toj va soyabonni qo`llarida ushlab olishgan. Marosimda  Sulton Husayn Boyqaroning buyuk mutafakkirlar davrasida, qo`lida kitob bilan turgani u hukmdorligining ilk kunlaridanoq ilm-ma`rifatga katta e`tibor qaratganidan dalolatdir. Darhaqiqat, sulton umrining so`ngiga qadar ilm-ma`rifat, san`at va adabiyotga homiylik qilgani tarixdan yaxshi ma`lum. 

Yozma manbalarda, Sulton Abusaid Mirzo davrida Mansur Musavvir ismli rassom yashab, ijod etgani qayd qilingan. Yangi topilgan miniatyura ushbu san`atkor qalamiga mansub ekanligi bilan ham qimmatlidir.

Ayni paytga qadar dunyoning turli muzeylari va kutubxonalarida Sulton Husayn Boyqaroning turli holatlari aks ettirilgan o`nga yaqin miniatyuralar aniqlangan. Mazkur yangi miniatyura ham mumtoz adabiyotimiz tadqiqotchilari, tarixchi va san`atshunos olimlarimiz tomonidan chuqurroq o`rganilsa, yangi-yangi tafsilotlar, ilmiy topilmalar yuzaga chiqishi mumkin. 

Eslatish joizki, 2017 yilda Butunjahon jamiyati tomnidan  Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanayotgan “Devoniy Husayniy” qo`lyozmasining faksimile nusxasi hamda uning joriy alifbodagi matni chop etilgan edi. Mazkur nashrdan  Husayn Boyqaroning avval e`lon qilinmagan  o`ndan ortiq baytlari o`rin olgan. 

Firdavs Abduxoliqov, 

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1