O`zbekistonda 24 yil ichida yarim million nafardan ortiq ayollarga 54 yoshdan yoshga doir pensiya tayinlangan. Bu haqda Pensiya jamg`armasi ma`lum qildi.
Jamg`arma xabariga ko`ra, 1999 yil 1 iyuldan 20 yillik mehnat stajiga ega bo`lgan ayollarga 54 yoshdan, ya`ni umumiy belgilangan yoshdan 1 yil oldin yoshga doir pensiya tayinlash yo`lga qo`yilgan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 1999 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 avgustga qadar 555 ming 385 nafar ayollarga 54 yoshdan yoshga doir pensiya tayinlangan. Shundan belgilangan muddatidan bir yil avval tayinlangan pensiya 2022 yilda eng ko`p (41 710 nafar) qayd etilgan. Eng kam ko`rsatkich esa 1999 yilda — 4 ming 960 nafar ayollar 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqqan.
Joriy yilning yanvar—iyul oylarida 22 ming 638 nafar ayolga 54 yoshdan yoshga doir pensiya berila boshlangan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda 20 yildan kam mehnat stajiga ega bo`lgan ayollarga qonunchilikka muvofiq, 55 yoshdan umumiy asoslarda yoshga doir pensiya tayinlanadi.






